2020 yil 3 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda O`zbekistonning 80 yoshli fuqarosi A.X.ning og`iq ahvolga tushgani to`g`risidagi ma`lumotlar tarqalishi munosabati bilan mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi shu kunning o`zida u bilan aloqa o`rnatdi. Unga zarur konsullik-huquqiy yordam ko`rsatildi, deyiladi TIV Konsullik-huquqiy departamenti axborotida.
A.X. so`zlariga ko`ra, u ma`lum miqdordagi pul evaziga ma`lum odamlar bilan Saudiya Arabistoniga umra ziyorati uchun safar tashkillashtirish, xususan mehmonxona, ovqatlanish, doimiy kuzatuv xizmati xarajatlarini qoplashga kelishib olgan. Ammo 1 yanvar kuni Bishkek va Istanbul orqali Jidda shahri aeroportiga kelganida va`da qilinganiga qaramay uni hech kim kutib olmagan.
Bosh konsulxona ma`lumotiga ko`ra, Saudiya Arabistonining Haj va umra ishlari vazirligi ko`magi bilan bizning fuqaromizga zarur yordam ko`rsatildi, xususan mehmonxonaga joylashtirildi. Hozirda u umra amallarini ado etmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti ziyoratga amallarini bajarishda rasmiy vakolatli tashkilotlar xizmatidan foydalanishni tavsiya qiladi va Saudiya Arabistonida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolari zarur hollarda Jidda shahridagi Bosh konsulxonasiga +966-12-607-72-50 va +966-56-661-94-96 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.






