Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida “O`zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori ijrosiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Tadbirda sohaga ilg`or xalqaro tajriba asosida zamonaviy bozor mexanizmlari va boshqaruv uslublarini tatbiq etish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulot turlarini yaratish bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berildi.
Jumladan, 2019 yilda UzAuto Motors hajmlarni 220 ming donadan 271 ming dona avtomobilga etkazib (bu 2018 yildagidan 23,2%ga ko`p), ishlab chiqarilgan avtomobillar soni bo`yicha rekordni yangilagani qayd etildi. 2020 yilda engil avtomobillarni yillik ishlab chiqarish hajmini 350 ming donagacha kengaytirish ko`zda tutilayotgani ta`kidlandi.
«Xorijiy kompaniyalar bilan kelishuvlar natijasida «O`zavtosanoat» AJ korxonalari bazasida plastmassa va shovqindan himoyalash detallari, kabellar, interer detallari, texnologik jihozlar va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi, — dedi strategik rejalashtirish boshqarmasi boshlig`i Rustam Qodirov. — Bu mahalliylashtirish darajasini 60 foizgacha etkazish imkonini beradi».
Mutasaddilar 2019 yil yakunida UzAuto Motors kompaniyasi SUV (Sport Utility Vehicle — «sport-utilitar avtomobil») toifasidagi to`rtta yangi avtomobil modeli, ya`ni Chevrolet Trailblazer, Chevrolet Traverse, Chevrolet Tahoe va Chevrolet Equinox ni taqdim etganini bildirdi. 2020 yilda yagona global platformada yangi avtomobil modellarini ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha loyiha ishga tushishi kutilayotgani ma`lum qilindi. «O`zavtosanoat» AJ vakillarining so`zlariga ko`ra, aynan mana shu platformalarda SUV toifasidagi avtomobillar va sedanlar ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi.
06.01.2020 22:31
O`zbekistonda sport toifasiga mansub yangi avtomobillar ishlab chiqariladi
