Farg`onada taekvondo bilan shug`ullanayotgan sportchilarni Koreyaga mashg`ulotlar va ishga jo`natishni va`da qilgan firibgarning qilmishi fosh bo`ldi.
Sport murabbiysi bo`lgan A.Homidov (ismi, sharifi o`zgartirilgan) yoshlarga ibrat bo`lish o`rniga nafsning kuyiga o`ralashdi. Uning sportda ko`plab shogirdlar etishtirib, xalqaro musobaqalarda ham qatnashish imkoni bor edi. Ammo u firibgarlikni o`ziga odat qildi. 2018 yil avgust oyida Abdulloxon Sotvoldixonov, Abdullajon Komilov, Odiljon Madaminov, Azizbek Qayumov, Islomjon Shermatovlarni O`zbekiston Taekvondo WTF assosiasiyasi orqali mashg`ulotlar o`tashga Janubiy Koreyaga jo`natishini, u erda ishlashi mumkinligini aytib, o`zining nayranglariga ishontiradi. Buning uchun A.Valievdan 2100 AQSh dollari, A.Komilovdan 2000 AQSh dollari, O.Madaminovdan 2100 AQSh dollari, I.Xalilovdan 17 million so`mni olib, ularni Janubiy Koreyaga jo`natmasdan, pullarini shaxsiy ehtiyojiga ishlatgan.
Shuningdek, firibgar A.Valiev, A.Komilov, O.Madaminov, I.Xalilovni ishontirib, aldash uchun O`zbekiston Taekvondo WTF assosiasiyasi prezidentiga Farg`ona viloyati Taekvando WTF ijrochi direktori nomidan A.Sotvoldixonov, A.Komilov, A.Qayumov, I.Shermatov va boshqalarni Janubiy Koreyaga taekvondo WTF bo`yicha mashg`ulot o`tashga yuborishga ruxsat so`ralgan rasmiy hujjat hisoblangan so`rovnomani maxsus blankada tayyorlab, muayyan huquq beradigan qalbaki so`rovnomani ularga jo`natib foydalangan.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yozyovon tuman sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar to`liq qoplanganligi inobatga olinib, A.Homidovga Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “v” bandlari va 228-modda 1-qismi bilan aybli deb topilib, Jinoyat Kodeksining 59, 62-moddasiga asosan 2 yil 5 oy 9 kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.






