Innovasion rivojlanish vazirligi O`zRFA Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari tomonidan yaratilgan mahalliy xomashyodan import o`rnini bosuvchi faollashtirilgan ko`mir olish texnologiyasini tijoratlashtirish bo`yicha ishlar olib bormoqda. Bu haqda vazirlikning Axborot xizmati vakili Darakchiga xabar berdi.
Institutning “Kimyoviy texnologiya va sirt faol moddalar” laboratoriyasi mudiri professor Farhod Yusupov rahbarligida ishlab chiqilgan mazkur texnologiya mutaxassislar tomonidan texnik-iqtisodiy tahlil qilinib, biznes reja tuzildi. Vazirlik tomonidan tashkil etilgan InnoWeek-2019 innovasion g`oyalar haftaligida mazkur texnologiyani sanoatga qo`llash bo`yicha mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan 350 mln so`mlik shartnoma imzolandi.
Hozirda turli usulda modifikasiyadagi faollashtirilgan ko`mirlar sinovdan o`tkazilmoqda. Olimlarimiz tomonidan yaratilgan faollashtirilgan ko`mir Muborak gazni qayta ishlash zavodida sanoatga joriy etilishi tavsiya etildi. Olmaliq va Navoiy kon-metallurgiya zavodlarida esa tajriba-sinovlari o`tkazilmoqda.
Bugungi kunda respublikamiz sanoati ehtiyojlari, xususan neft-gaz, kimyo, metallurgiya va oziq-ovqat sanoati uchun yiliga 2000 tonnadan ziyod, 8 mln. AQSh dollari qiymatidagi faollashtirilgan ko`mir olib kiriladi. Bu tabiiy dori vositasini yurtimizda ishlab chiqarish orqali milliardlab so`m mablag`ni iqtisod qilish, jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, neft-gaz sohasi korxonalarining ishlab chiqarishini mahalliylashtirish dasturini amalga oshirish imkonini beradi.






