Qarshi shahar IIOFMBda joriy yilning birinchi o`n kunligida sodir etilgan jinoyatlar tahliliga bag`ishlangan yig`ilish bo`lib o`tdi. Unda viloyat IIB, Qarshi shahar prokuraturasi va IIOFMB rahbariyati hamda o`zini o`zi boshqarish organlari va keng jamoatchilik vakillari, jinoyatga qo`l urgan yoshlarning ota-onalari ishtirok etdi.
Qayd etildiki, keyingi paytlarda Qarshi shahrida sodir etilayotgan jinoyatlarning aksariyatini bezorilik tashkil etmoqda. Jumladan, Qarshi shahrida yashovchi 24 yoshli Muxriddin Ravshanov muqaddam badanga og`ir tan jarohati etkazish jinoyatini sodir etgani uchun sudlangan bo`lsa-da, bundan o`ziga tegishli xulosa chiqarish o`rniga yana bezorilik jinoyatiga qo`l urgan.
Joriy yil 8 yanvar kuni kech soat 16:30larda Muxriddin Ravshanov muqaddam sudlangan Bekzod Ergashev hamda tanishi Bobur Usmonovlar bilan Qarshi shahridagi “Kapriz” go`zallik saloni oldiga kelib, Shahzod Uzoqov va uning sheriklari Oyatullo Abdullaev, Ravshan Bobonazarov, Sardor Ravshanovni uchratib, o`zaro guruh-guruh bo`lib janjalashadi.
Janjalda 2-guruhdan Muxriddin Ravshanov, 1-guruhdan aka-uka Shahzod Uzoqov va Oyatullo Abdullaev turli darajada tan jarohati olishgan.
Ma`lum bo`lishicha, janjalga Muxriddin Ravshanovning o`zidan to`rt yosh kichik hamshahri Shahzod Uzoqov bilan eski adovati sabab bo`lgan.
Janjalda jinoyat quroli sifatida Muxriddin Ravshanov pichoqdan, Shahzod Uzoqov esa pnevmatik to`pponchadan foydalangan.
Muhokamada jamoat joyida, ko`pchilikning ko`z o`ngida sodir etilayotgan jinoyatlarni asosan biror joyda ishlamaydigan, ota-ona va mahalla-kuy nazoratidan chetda qolgan yoshlar sodir etayotgani aytib o`tildi. Qolaversa, mahalla faollari, yoshlar ittifoqi boshlang`ich tashkiloti vakillari ishsiz yoshlarni ro`yxatga olib, bandligini ta`minlashda sustkashlikka yo`l qo`yayotgani tanqid ostiga olindi. Kelgusida bu kabi jinoyatlarning oldini olish maqsadida barcha bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi borasida tegishli mutasaddi idoralar vakillariga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.