Qassobchilik bilan shug`illangan yigit 2019 yil 21 aprel soat taxminan 10.00 larda Namangan shahri, Bunyodkor MFY hududidagi “Yoshlik baraka” mas`uliyati cheklangan jamiyatga qarashli hayvon bozorida qarindoshi undan qarzga olgan 2,5 mln. so`mni o`z vaqtida qaytarmagani va otasiga tan jarohati etkazganidan g`azablanadi. Bozor hududidan tashqariga chiqib, ko`cha bo`ylab ketayotgan qarz olgan qarindoshini yaqin qarindoshlari – akasi va ukasining ko`z o`ngida tanasiga bir necha marotaba pichoq urib, badaniga ko`plab shikast etkazadi. Bezorilik oqibatida qasddan o`ldirmoqchi bo`layotganida, ushbu hodisaning guvohi bo`lgan fuqarolar tomonidan ajratib qolinadi. Yigit hodisa joyidan qochib yashiringan.
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan viloyat filiali jonlantirish bo`limi shifokorlari tomonidan ko`rsatilgan tibbiy yordamlar natijasida tan jarohat olgan fuqaroning hayoti saqlab qolingan.
“ERTASIGA BO`LGAN VOQEANI ESLAB, O`Z XOHIShIM BILAN IIBGA BORDIM”
Sudlanuvchi sudda aybiga qisman iqrorlik bildirdi...
— Jabrlanuvchi onam tomonidan qarindosh bo`ladi. 2019 yil 21 aprel soat 6.00 larda otam va ikki nafar qarindoshlarim bilan Namangan shahri, Bunyodkor mahallasida joylashgan “Yoshlik baraka” MChJga qarashli hayvon bozoriga borib, hayvon sotib oldik. So`ng jabrlanuvchi onam tomonidan qarindosh “yarim soatda qaytarib beraman”, degan shart bilan mendan qarzga 2 mln. so`m oldi. Keyin bozorni aylanib yurib, odamlar to`planib turgan joyga bordim. Otam erda yotganini ko`rib, karaxt bo`lib qoldim. O`zimni bilmay qoldim, nima bo`lganini eslay olmayman.
Jabrlanuvchiga pichoq urganimni dastlabki tergov jarayonida bildim. Voqea kuniga qadar jabrlanuvchi bilan o`rtamizda hech qanday adovat bo`lmagan. U bilan 2 mln. so`mni oldi-berdisi yuzasidan urishmadim. U urgani uchun otam erda hushsiz holda yotganini ko`rib, “otam vafot etibdi”, deb o`ylab, “shok”ka tushdim. Aslida pichoqni bozordagi oshxonadan qarindoshimni qo`rqitib qo`yish maqsadida olgandim. O`zim bilmagan holda pichoq bilan unga tan jarohati etkazdim. Kuchli ruhiy hayajonlanishim natijasida shu ishlarni qilib qo`ydim.
Dastlabki tergovda “pul uchun pichoq urdim”, deb ko`rsatma bermaganman. “Kuchli ruhiy hayajonlanish oqibatida pichoq urdim”, deganman. Pichoqni uning badanini qaysi joylariga urganimni eslay olmayman. Ushbu voqeadan so`ng o`zimni yo`qotib, qochib Axsikentda yashaydigan holamning uyiga bordim. Ertasiga bo`lgan voqeani eslab, o`z xohishim bilan IIBga bordim.
2019 yil 22 aprel kuni tergovchi so`roq qilganida hamma holatni aytib berganman. So`roq jarayonida pedagog, psixolog hamda himoyachi ishtirok etgan. So`roq bayonnomasi mening so`zlarimdan yozilgan. Tergovda “Qarindoshim 3 yil oldin olgan 1 mln. so`m va o`sha kuni olgan 2 mln. so`mni qaytarib bermaganidan jahlim chiqib, o`zimni to`xtata olmadim”, deb ko`rsatma bermaganman.
Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman. Jahl ustida jinoyat sodir etganimni inobatga olgan holda qonuniy engillik berishingizni so`rayman.
“7 YIL OZODLIKDAN MAHRUM QILISh JAZOSI TAYINLANDI”
Davlatmirza Kamilov, jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyat sudi raisi:
— Mamadaliev Olimxon JKning 25, 97-moddasi 2-qismi “j, l” bandlari bilan 57-moddasi qo`llanib, 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazo 2019 yil 22 apreldan boshlab hisoblab, umumiy tartibli koloniyalarda o`tattirilishi belgilandi.
Hukmdan norozi taraflar hukm e`lon kilingan kundan boshlab, 10 sutka muddat ichida, sudlanuvchi va jabrlanuvchi hukm nusxasini olgan kundan boshlab, shu muddat ichida jinoyat ishlari buyicha Namangan viloyat sudiga apellyasiya tartibida, bu muddat o`tgach kassasiya tartibida shikoyat yoki protest keltirishga haqli.
Sadoqat Allaberganova, jurnalist