Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Toshkent siti” qurilishida ish vaqtida baxtsiz xodisa tufayli vafot etgan fuqaroning turmush o`rtog`i ish beruvchi tomonidan kompensasiya puli to`lanmayotgani yuzasidan murojaat bilan chiqdi, deya ma`lum qildi vazirlik Matbuot xizmati.
Aniqlanishicha, “Toshkent siti” qurilish majmuasi, 1-lot birinchi sonli 9 qavatli qurilish binosi yonidagi oqava suv uchun kollektor trubasi “TECHNO LOGISTIC CONSTRUCTION” MChJda 2019 yilning 25 avgust kuni B.A.Egamberdiev bilan baxtsiz xodisa ro`y bergan. Mazkur holatni o`rganish bo`yicha Davlat mehnat inspeksiyasining Mehnatni muhofaza qilish bo`yicha davlat texnik inspektori boshchiligida komissiya tuzilgan. O`rganishlar fuqaro bilan sodir bo`lgan baxtsiz hodisa ishlab chiqarish bilan bog`liq deb topilgan.
Natijada ish beruvchi tomonidan vafot etgan fuqaroning yaqin qarindoshi – turmush o`rtog`iga kompensasiya puli to`lab berilgan.
Eslatib o`tamiz, bundan tashqari, Tashkent City hududida 27 oktyabr kuni sirdaryolik 20 yoshli Alisher Turdiboev to`qqiz qavatli uyning sakkizinchi qavatining tashqi bo`yash ishlarini yakunlayotgan paytida yiqilib tushib, hodisa joyida vafot etgan edi.