Ob-havoning keskin sovushi va mamlakatimizning ayrim hududlarida qalin qoplamali qor yog`ishi munosabati bilan elektr energiya etkazib berish jarayonidagi uzilishlar hamda tabiiy gaz ta`minotidagi muammolar bo`yicha iste`molchilardan turli murojaatlar bo`lmoqda.
Respublikamiz iste`molchilariga shuni ma`lum qilamizki, Energetika vazirligi mutasaddilari elektr va gaz ta`minotidagi vaziyatdan xabardor bo`lish bilan birga mavjud muammolar hamda sovuq tushishi munosabati bilan yuzaga kelgan holatlarni bartaraf etish, aholi uy-joylari va ish joylarining barqaror elektr energiyasi hamda tabiiy gaz bilan ta`minlashga qaratilgan barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Yuzaga kelayotgan holatlar tahlili shuni ko`rsatmoqdaki, elektr ta`minoti tizimida energiyaga bo`lgan ehtiyojning keskin oshishi tufayli mavjud transformatorlar o`ta yuklanishda ishlamoqda, ayrim hollarda esa o`ta yuklanish oqibatida nosoz holatga kelmoqda. Bu, o`z navbatida, respublikamizning ayrim hududlarida elektr ta`minotida uzilishlar bo`lishiga sabab bo`lmoqda.
Yuqoridagi holatdan kelib chiqib, iste`molchilarimizdan iltimos qilamizki, xonadon va ofislarni isitish uchun qo`lbola, nostandart elektr moslamalaridan foydalanmang. Yong`in xavfsizligi choralarini ko`ring!
Ma`lumot o`rnida aytish kerakki, oxirgi uch yil davomida yirik investision dasturlar orqali va ma`nan eskirgan elektr tizimni modernizasiyalash ishlari amalga oshirilmoqda. Mavjud transformatorlarning xizmat ko`rsatish quvvatlari birmuncha oshirilgan. Biroq ayrim iste`molchilar tomonidan elektr energiyasidan oqilona foydalanmaslik oqibatida joylarda turli nosozlik holatlari (trasformatorlarning yonib ketishi) yuzaga kelmoqda.
Energetika vazirligi tasarrufidagi mas`ul tashkilotlar tomonidan ayni paytda ta`mirlash brigadalari shakllantirilgan, ular vujudga kelayotgan favqulodda vaziyatlarda darhol tegishli choralarni amalga oshirish bilan mashg`ul. Bunday brigadalar elektr ta`minoti barqarorligini ta`minlash maqsadida kechayu kunduz faoliyat yuritishi tashkil etilgan.
Ma`lumki, mamlakatimizda elektr energiyaning asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalari tomonidan tabiiy gazni yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Qazib olingan va iste`molga yaroqli holatga keltirilgan tabiiy gaz, birinchi navbatda, elektr stansiyalari hamda aholiga ehtiyoji uchun taqsimlangan holda etkazib beriladi. Ammo ayrim iste`molchilarimiz tomonidan gaz quvuridagi mavjud bosim rejimini noqununiy ravishda, turli nasos qurilmalari orqali sun`iy ravishda tortib olishi holatlari kuzatilmoqda va bu holat tabiiy gaz ta`minotida bosim kamayib ketishiga sabab bo`lmoqda. Bunday holatlar nazorat etuvchi organlar tomonidan aniqlanib, jarimalar belgilanmoqda. Ammo muammo echimi uchun jamoatchilik nazorati ham zarur.
Mamlakatda iste`molchilar ehtiyojlari uchun tabiiy gazni qazib olish hajmini oshirish bo`yicha qo`shimcha dasturlar ishlab chiqilgan va iste`molchilarni tabiiy gazga bo`lgan talabni qondirishga qaratilgan tegishli choralar ko`rilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, gaz ta`minoti sohasida ham birmuncha islohotlar amalga oshirilmoqda. Masalan, gazogorelkali agregatlar zamonaviy va energiya tejovchi gaz gorelkalariga almashtirilmoqda. Bir qator sanoat korxonalarini yoqilg`ining ko`mir kabi muqobil turlariga o`tkazish bo`yicha loyihalar tabiiy gazni tejashga qaratilgan. Ushbu va boshqa choralar yaqin kelajakda mamlakat aholisini kuz-qish mavsumida uzluksiz elektr energiyasi hamda tabiiy gaz bilan ta`minlash sohasidagi muammolarini hal qilishga yo`naltirilgan.
Yuqorida sanab o`tilgan muammolarni hal qilish uchun Energetika vazirligining tegishli departament mutaxassislari tunu kun ish olib borib, 1154, 71-202-50-55 (elektr ta`minoti) va 1104 (71-200-08-04) (gaz ta`minoti) TEZKOR LINIYaSI bo`yicha kirish qo`ng`iroqlariga javob bermoqda. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.
Energetika vazirligi mamlakatimiz aholisiga vaziyatni to`g`ri tushungani uchun minnatdorlik bildirish barobarida shuni alohida ta`kidlaydiki, soha mutaxassislari tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gaz ta`minotini yaxshilash uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.
Yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun iste`molchilardan uzr so`raymiz.






