Ijtimoiy tarmoqlardagi hududlardagi maktab hojatxonalarining zamonaviy talablarga javob bermasligi haqidagi e`tirozlar va fotosuratlar tarqalgan edi. Bu holatga ko`pchilik tarmoq foydalanuvchilari bu faktlar to`g`riliginni aytib, izoh qoldirishgan. Mazkur postga Xalq ta`limi vazirligi munosabat bildirdi. Vazirlik izohida shunday yoziladi:
"Bugungi kunda 9942 umumiy o`rta ta`lim maktablarida 12 463 ta ichki va tashqi hojatxonalar mavjud bo`lib, ularning 10 809 tasi pishiq g`ishtdan, 1 247 tasi temir-beton, 403 tasi xom-g`isht va loy pahsadan qurilgan.
Xalq ta`limi vazirligi tomonidan o`tkazilgan xatlov natijalariga ko`ra tashqi hojatxonalarning 1445 tasi yangidan qurishga, 1 469 tasi mukammal ta`mirlashga muhtoj. Shu bilan birga, ichki hojatxonalarning 197 tasi yangidan qurilishi va mukammal ta`mirlanishi lozim.
Xalq ta`limi vazirligi mazkur muammoni 2020 yilda hal etish bo`yicha o`z takliflarini Vazirlar Mahkamasiga kiritgan.
Shu bilan birga 2019 yilning 26 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Zamonaviy maktablar”ni tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorni imzoladi".
Ushbu xabarda aytilishicha yuqoridagi qarorga ko`ra, xorijiy tajriba va mamlakatning tabiiy iqlim sharoitlariga mos, ekologik toza materiallar va energiyaning muqobil manbalari, energiya tejovchi hamda ilg`or texnologiyalar va muhandislik echimlarini qo`llashni nazarda tutuvchi “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish va tasdiqlash belgilangan.
“Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalarini ishlab chiqish jarayonida maktab hojatxonalarini zamonaviylashtirish bo`yicha ishlar ham olib boriladi.






