So`ngi vaqtlarda yurtimizda sportga qaratilayotgan e`tibor, sportchilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, keng imkoniyatlar eshiklarining ochib berilayotganligi tahsinga loyiq. Buning natijasida ular jahon arenalarida O`zbekiston bayrog`ini ko`klarga ko`tarmoqdalar.
Biroq, ijtimoiy tarmoqlar orqali sportchilar, hatto taniqli sport ustalari ishtirokida sodir etilgan bezorilik, bosqinchilik va turli ko`rinishlarda tan jarohatlari etkazish bilan bog`liq jinoyatlar, videotasvirlarga ko`zingiz tushganda, ayniqsa guruh-guruh bo`lib janjallashish holatlarini ko`rib ta`bingiz xira bo`ladi. Eng achinarlisi, bunday janjallar natijasida kimningdir hayoti zavol topib, yana kimdir umrbod nogironlik azobiga duchor bo`lmoqda.
2020 yil 13 yanvar kuni Buxoro viloyati IIB kichik majlislar zalida Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tomonidan O`zbekiston Respublikasi IIVning tegishli ko`rsatmasiga muvofiq viloyatda faoliyat olib borayotgan sport muassasalari, sportning yakka kurash turlari bo`yicha ixtisoslashtirilgan bolalar va o`smirlar sport maktablari rahbarlari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston respublikasi IIV Axborot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda viloyat IIB boshlig`ining birinchi o`rinbosari podpolkovnik M.X.Qodirov ayni shu masalalarga to`xtalib, sportchilarimiz tomonidan erishilayotgan yutuqlar bilan birgalikda, ular tomonidan ayrim qonunbuzilish holatlari, ayniqsa jinoiy guruxlar tuzish yoki ularga a`zo bo`lib, qotillik, bosqinchilik, bezorilik, talonchilik, tovlamachilik, o`g`irlik, og`ir va o`rta og`ir darajadagi tan jaroxatlari etkazish hamda boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilayotganligini afsus bilan tilga oldi.
Ayniqsa, bugungi kunda keng yo`l ochib berilayotgan tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatiga noqonuniy aralashib, ular o`rtasidagi qarz oldi-berdi masalalarini hal qilib berishni va`da qilgan holda zo`ravonlik bilan undirishga harakat qilish holatlaridan misollar keltirildi.