AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Evropa va Osiyo mamlakatlari iste`molchilari birinchi forumi bo`lib o`tmoqda

'O`zbekistonda Evropa va Osiyo mamlakatlari iste`molchilari birinchi forumi bo`lib o`tmoqda'ning rasmi

Poytaxtimizdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida Evropa va Osiyo mamlakatlari iste`molchilari birinchi forumining ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi

Anjuman ochilishida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo`yicha maslahat kengashi raisi, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori - A.X. Saidov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi A.E. Burxonov, Xalqaro iste`molchilar tashkiloti “Consumer International” prezidenti Marimut Nadason va Xalqaro Iste`molchilar jamiyatlari konfederasiyasi raisi (KonfOP) - D. Yanin tabrik so`zlari bilan ishtirok etdilar. 

Forumning ochilish kunida “Turizm sohasida iste`molchilar huquqlarini himoya qilish” Birinchi yalpi majlisi o`z ishini boshladi. Majlis ishida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi qoshidagi “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK standartlashtirish bo`limi boshlig`i A.Sultonov ishtirok etdi.

O`z taqdimoti davomida Sultonov O`zbekistonda turistlar va ekskursantlar huquqlarini himoya qilishni tartibga soluvchi qonun hujjatlari va normativ hujjatlar to`g`risida gapirib o`tdi. 

“Iste`molchilar: turistlar, ekskursantlar huquqlarini himoya qilish mamlakatda turizmni rivojlantirishda asosiy o`rinda turadi, chunki turizm - bu mehmondustlik faoliyati hisoblanadi. Mehmondo`stlik esa mehmonlarni iliq kutib olish, tinch-totuvlik, to`kinchilik va xavfsizlikka asoslanadi” - deb ta`kidlab o`tdi A.Sultonov.

“Turizm to`g`risida”gi Qonunga muvofiq turistlarning, ekskursantlarning va turizm sohasi sub`ektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi sohadagi asos bo`luvchi prinsiplardan biri hisoblanadi. 

Turizm sohasidagi vakolatli davlat organi O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi hisoblanadi va u o`z navbatida: 

- turistik xizmatlarni tashkil etish chog`ida turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini ta`minlash hamda sog`lig`ini saqlash sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar ishlab chiqadi; 

- turistlar va ekskursantlarning O`zbekiston Respublikasi hududida joylashgan turistik resurslar hamda aloqa vositalaridan moneliksiz foydalanishini ta`minlashga, shuningdek tibbiy, huquqiy va boshqa turdagi yordam olishiga ko`maklashadi; 

- turistik xizmatlar ko`rsatish sifati va xavfsizligi standartlarining ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi. 

Yuqorida qayd etilgan qonun bilan turistlar va ekskursantlarning huquq va majburiyatlari belgilanadi. Shuningdek sayohatchilarning xavfsizligi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 martdagi “Transport va turizm ob`ektlarida jamoat xavfsizligini ta`minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-4229-sonli Qarori va O`zbekiston Respublikasi vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 noyabrdagi “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi 939-sonli Qarori bilan belgilanadi va tartibga solinadi. 

Taqdimot davomida A.Sultonov turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish masalalarini yoritib o`tdi. Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish iste`molchilar huquqlarini himoya qilishni asosiy omillaridan hisoblanadi. O`zbekiston Respublikasi hududida turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tuzilmasiga kiruvchi “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK tomonidan amalga oshiriladi. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 iyundagi 355-sonli Qarori bilan tasdiqlangan “Turoperator va mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish tartibi to`g`risida Nizom” ga muvofiq “Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi” DUK tomonidan turoperator va mehmonxona xizmatlarini sertifikatlashtirish, joylashtirish vositalariga toifa berish hamda sertifikatlashtirilgan turoperator va mehmonxona xizmatlarining standartlashtirish bo`yicha normativ hujjatlar talablariga muvofiqligining inspeksiya nazorati amalga oshiriladi.

Taqdimot davomida turizm sohasidagi davlat standartlarining roli ta`kidlab o`tildi. Davlat standartlarida iste`molchilarni himoya qilishning asosiy tamoyillari bu havfsizlik va sifatdir, ya`ni har qanday sifatli maxsulot yoki xizmat xafvsizlikka asoslangan bo`lishi kerak. Davlat standartlari joylashtirish vositalari va ularda taqdim qilinadigan xizmatlarga doir umumiy talablarni, turistik axborot markazlari taqdim qiladigan xizmatlar sifatiga doir talablarni, tartibga soluvchi davlat organlari layoqatiga kiruvchi majburiy talablarni va joylashtirish vositalarini sertifikatlashtirish vaqtida qo`llaniladigan talablarni belgilaydi. Shuningdek turizm sohasida navigasiya tizimining axborot belgilariga doir talablarni, turistik ob`ektlarni boshqarish uchun tavsiyalar va talablarni belgilaydi.

Evropa va Osiyo mamlakatlari iste`molchilari birinchi forumi 15 – 18 yanvar kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida bo`lib o`tadi. Forumda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo`yicha maslahat kengashi a`zolari, hamkorlik tashkilotlari xorijiy delegasiyalari vakillari, Federasiya tuzilmasining rahbarlari, mansabdor shaxslari, shuningdek OAV vakillari ishtirok etadilar. Tadbirni Xalqaro Iste`molchilar jamiyatlari konfederasiyasi (KonfOP), O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi va “Yuksalish” umummilliy harakati tashkillashtirdi.  

    Boshqa yangiliklar