2019 yil 30 dekabrdan 31 dekabrga o`tar kechasi Chirchiq shahridagi 56 yoshli X.N. uyining omboridan 705.800 so`mlik salqin ichimliklar, saqich, tamaki va kofe mahsulotlari hamda 3.850.000 so`m naqd pullar o`g`irlangan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Holat yuzasidan Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (uy-joyga g`ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan o`g`irlik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Departament tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni muqaddam sudlangan
32 yoshli K.J. sodir etganligi aniqlangan. Tintuv jarayonida undan
30 dona kofe, 1 blok saqich va 2 quti tamaki mahsulotlari tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tergov harakatlari jarayonida aniqlanishicha, K.J. yuqoridagi jinoyatidan tashqari 2020 yil
03 yanvar kuni Chirchiq shahar Bo`zsuv ko`chasidagi uy oldida qarovsiz qoldirilgan “Matiz” rusumli avtomashina oynasini sindirib, salondan 27.000 so`m pullarni yashirin ravishda o`g`irlagan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan K.J.ga nisbatan 10.01.2020 yilda O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayb e`lon qilinib “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari tamomlanib, ayblov xulosasi bilan tegishli sudlovlikda ko`rish uchun yuborilgan.






