AsosiyJamiyat

Adliya vazirligidan ajoyib tashabbus: soat 18.00 dan keyin barcha kompyuterlar o`chiriladi!

'Adliya vazirligidan ajoyib tashabbus: soat 18.00 dan keyin barcha kompyuterlar o`chiriladi!'ning rasmi

Adliya vazirligida ish vaqti tugagandan keyin barcha kompyuterlar tarmoqdan o`chirilmoqda. Jahon tajribasi asosida xodimlarning mehnat qonunchiligi asosida ishlashlarini ta`minlash maqsadida shunday qororga kelindi. Bu yangi tartib haqida "Huquqiy axborot" kanali ma`lumot berdi.

"Mehnat qonunchiligi, ish rejimi me`yorlari yillar davomidagi ilmiy va amaliy tadqiqotlar asosida inson ehtiyoji va imkoniyatlaridan kelib chiqib shakllantirilgan, bu me`yorlar millionlagan ishchi va mehnatchilarning hayot sifatiga ta`sir qiladi.  

Shunday bo`lsa-da, ko`plab mamlakatlarda, jumladan xususiy tashkilotlarda uzoq ish rejimlarida ishlash muammosi mavjud. O`zbekistonda ham ish vaqti muammosi mavjudligi hech kimga sir emas", deb yoziladi xabarda.

Kuzatishlarga ko`ra, ortiqcha ishlash qandaydir ma`noda rejalarning tez bajarilishiga xizmat qilsa ham, samarali mehnat va sermazmun hayotni yo`lga qo`yishga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Xususan:  

•  xodimlarning mehnat unumdorligi pasayishiga;  

• ish vaqtining noto`g`ri rejalashtirilishiga;  

•  energiya resurslarning ortiqcha sarf bo`lishiga;  

•  xodimning oilaviy muammolarga duch kelishiga va ijtimoiy ko`nikmalariga salbiy ta`sir qilishiga olib keladi.  

Yakshanba kuni ishga chiqishga ruxsat berilmaydi

Shu sababli yuqoridagi muammolarni inobatga olib, xorij tajribasini o`rgangan holda, Adliya vazirligi mehnat unumdorligini oshirish maqsadida kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdi.

Ushbu dasturning bitta tadbiri sifatida xodimlarni kun mobaynida o`z faoliyatini to`g`ri rejalashtirish yuzasidan tushuntirishlar berilib, taym menejmentning yangi zamonaviy modellaridan foydalanish ilgari surilmoqda.

Xodimlar ish vaqti tugagandan keyin o`z faoliyatini tugatishi talab etilmoqda. Eng keskin chora sifatida esa prinsipal yondashuv asosida ish kuni oxirida barcha xodimlarning xizmat kompyuterlari avtomatik ravishda tarmoqdan uzib qo`yilmoqda. Mazkur holatda xodim o`z-o`zidan ishini tugatishiga to`g`ri keladi.  

Bundan tashqari, yakshanba kuni xodimlarni ishga chiqishi taqiqlangan. Bu talabning bajarilishi qat`iy nazorat qilinmoqda. Ya`ni, xodim ko`rsatmaga amal qilmassa, ishga kelsa ham binoga kiritilmaydi.

Mazkur choralar natijasida xodimlar ish vaqtidan unumli foydalanishga hamda mehnat jarayonini optimal rejalashtirishga majbur bo`lishmoqda va bu o`z mevasini bermoqda.  

O`z vaqtida oilasi bag`riga qaytgan, etarlicha dam olib, pozitiv energiyaga ega bo`lgan xodimlarning mehnat samaradorligi ortishi isbotlangan.  

Hozirda vazirlikda kadrlar bilan ishlashning zamonaviy KPI tizimi asosida ish tashkil etilib, har bir xodimning mehnat samaradorligi individual ravishda baholab borilmoqda. Bu ham o`z navbatida ish jarayoniga ijobiy ta`sir ko`rsatishi shubhasiz

Boshqa yangiliklar