Bugungi kunda ota-onalar farzandlari o`z vaqtlarini ko`proq tengdoshlari bilan bolalar maydonchasida o`tkazishini xohlashadi. Ammo, afsuski, Buxoro shahridagi mavzelar ichida va ko`p qavatli binolar hovlisida bolalar maydonchalari juda kam. Borlarining ham ahvoli talabga javob bermaydi. Bu o`z navbatida aholining haqli e`tirozlariga sabab bo`lmoqda, deya xabar berdi Buxoro viloyat uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish boshqarmasi.
Darhaqiqat, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh aholi vakillarining Buxoro shahridagi A.Jomiy ko`chasi 6/5 hamda 6/6-ko`p qavatli uylar oldida bolalar o`ynashi uchun hech qanday sharoit yo`qligi, mavjud bolalar maydonchasidan shu erda yashovchi fuqarolar tomonidan avtoturargoh sifatida foydalanib kelishayotgani haqidagi video murojaat e`lon qilingan edi. Fuqarolar bu borada tegishli choralar ko`rilishini so`rab murojaat qilishdi.
Ma`lum bo`lishicha, holat viloyat uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida o`rganib chikilgan. O`rganish jarayonida aholi tomonidan qo`yilayotgan talab o`rinli ekanligi, hududda haqiqatdan ham bolalar maydonchasiga zarurat borligi ma`lum bo`lgan. Loyiha 2020 yil dasturiga kiritilgani aytilmoqda.
Tekshiruvlar jarayonida "Bog`idasht kelajak" xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati raisi R.Shomurodovga ko`p qavatli uylarning kirish yo`laklari oldida avtomobillarini qoldirayotgan fuqarolar bilan suhbat o`tkazib, noqulayliklarni bartaraf etish vazifasi yuklatilgan.
"Bunday misollarni shaharning istagan hududidan ko`rsatish mumkin, deyiladi Buxoro viloyat uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish boshqarmasi munosabatida. Bolalar maydonchalari haqiqatdan ham etishmayotgani, mavjudlari esa jihozlanish va ta`mirlanishni talab qilishi inobatga olinib, joriy yilda Buxoro shahridagi barcha mavze va ko`chalar to`liq xatlovdan o`tkaziladi. Hamda zamonaviy bolalar maydonchalari barpo etiladi".