Quva tumanida qimor o`ynash bilan shug`ullanadigan kimsa o`z qilmishini yashirish maqsadida boshqa bir jinoyatga qo`l uradi. Bu haqda "Postda" nashri xabar berdi.
Gap shundaki, u joriy yilning 17 yanvar kuni Quva tumani IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`limi ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika inspektoriga murojaat qilib, kutilmagan taklifni o`rtaga tashlaydi.
Qimorboz profilaktika inspektoriga Quva tumani Bo`ston mahallasidagi oshxonalarning birida qimor o`yini tashkil etishayotgani, bu harakatlarga ko`z yumib, qonuniy chora ko`rmasdan yursa, har oyning 17 sanasida 800 ming so`m miqdorida pora berib turishni taklif qiladi. Profilaktika inspektori fuqaroga qimor o`ynash huquqbuzarlik, qimorxona tashkillashtirish esa jinoyat ekanligi, davlat organi xodimiga pora taklif qilishning huquqiy oqibatlari haqida har qancha tushuntirmasin, u fikridan qaytmadi.
Oxir-oqibat, profilaktika inspektori qasamyodiga sodiq qolib, fuqaroning bu xatti-harakati haqida rahbariyatga bildirgi bilan murojaat qildi.
Uning bildirgisi asosida o`tkazilgan tadbir chog`ida fuqaro 800 ming so`m miqdoridagi pullarni profilaktika inspektoriga pora tariqasida berayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan qo`lga olindi.
Mazkur tadbir davomida fuqaro aytgan manzilda bir guruh shaxslar tomonidan qimor o`ynayotganligi ham fosh etildi. U erdan 650 ming so`m miqdoridagi pullar, qarta va oshiq toshlari xolislar ishtirokida, daliliy ashyo sifatida olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan qo`shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






