Ma`lumki, o`tgan yilning 31 dekabr kuni Xitoy hukumati Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST)ga mamlakatning Uxan shahrida noma`lum pnevmoniya epidemiyasi yuzaga kelgani haqida xabar qilgan edi. Kasallanishning birinchi holatini dengiz mahsulotlari sotiladigan bozor bilan bog`lashmoqda. Joriy yilning 7 yanvar kuni xitoylik mutaxassislar kasallik qo`zg`atuvchisi koronavirus 2019-nCoV ekanini aniqlashdi.
Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limining xabar berishicha, 20 yanvardagi ma`lumotga ko`ra, Xitoy hukumati ushbu virus keltirib chiqargan 224 ta pnevmoniya holati aniqlanganini rasmiy tasdiqladi. Mamlakat Sog`liqni saqlash ishlari bo`yicha munisipal qo`mitaning xabariga ko`ra, bu kasallikdan nobud bo`lganlar soni to`rttaga etgan.
Afsuski, kasallik Xitoy chegarasidan chiqib, boshqa davlatlar hududlariga ham tarqalmoqda. 20 yanvar kuni Janubiy Koreyada koronavirus bilan og`rigan birinchi holat aniqlandi, bemor Xitoy fuqarosi bo`lib chiqdi. Shuningdek, kasallanish holatlari Tailand va Yaponiyada ham ro`yxatga olindi.
Bundan tashqari, Xitoy hukumati pnevmoniyaning yangi turi odamdan odamga yuqishini tasdiqladi (avval bu kasallik ushbu usulda yuqmasligi ta`kidlangandi). Ushbu faktning dalili sifatida esa kasallikning yangi turi koronavirus bilan kasallanganlardan kamida 14 nafari tibbiyot xodimlariga yuqqani keltirilmoqda.
JSST 22 yanvar kuni ushbu holat yuzasidan favqulodda vaziyatlar bo`yicha qo`mitaning shoshilinch yig`ilishini chaqirmoqda. U erda yangi virusning xavfi baholanib, u bilan kurashish bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Hozirda esa JSST keng jamoatchilikka bir nechta dastlabki tavsiyalarni bermoqda:
qo`llaringizni sovun va suv yoki spirtli aralashma bilan yuving;
yo`talganda yoki aks urganda og`zingiz va burningizni tibbiy niqob, salfetka, engingiz yoki bukilgan tirsagingiz bilan to`sing;
shamollash yoki gripp alomatlari bo`lganlar bilan himoyalanmagan aloqada bo`lishdan uzoqlashing hamda sizda isitma, yo`tal va nafas qisishi holatlari paydo bo`lganida tibbiy yordam olish uchun murojaat qiling;
tirik mahsulotlar sotiladigan bozorda bo`lganingizda jonivorlar hamda ular tegishi mumkin bo`lgan vositalarga himoyalanmagan holda teginishdan ehtiyot bo`ling;
taomni, ayniqsa, go`shtni astoydil pishiring.
Ta`kidlash joizki, yurtimizda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta`minlash, kasallikning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish maqsadida Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, davlat chegarasi kesishgan joylardagi Sanitariya-karantin punktlaridan o`tayotgan yo`lovchilarni sifatli tibbiy-sanitariya ko`rigidan o`tkazishga alohida e`tibor qaratilib, pnevmoniya va boshqa o`tkir respirator kasalliklari alomatlari aniqlangan bemorlarni alohidalash va shifoxonalarga yotqizish choralari ko`rilmoqda.
Gripp, O`RI va pnevmoniya kasalliklarida gumon qilingan bemorlarni shifoxonalarga yotqizish uchun davolash-profilaktika muassasalari tayyorgarligi ta`minlandi, dori-darmon va dezinfeksion moddalar zaxirasi yaratildi.
Xitoy Xalq Respublikasidan kelayotgan yo`lovchilar orasida gripp kasalligining og`ir turlariga, O`RI va pnevmoniya kasalliklariga gumon qilingan bemorlar aniqlanganda laboratoriya tashxisi uchun namunalar olish tashkil etilmoqda. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan uchuvchilar, bort va temir yo`l kuzatuvchilarining bilim saviyasini oshirish maqsadida gripp, O`RI va o`tkir pnevmoniya kasalliklarining klinikasi, laboratoriya tashxisi, profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlar to`g`risida keng tushuntirish ishlari o`tkazilmoqda.