Avval xabar qilganimizdek, Xitoy Xalq Respublikasida koronavirusning yangi tipi epidemiyasi yuzaga kelgan. 2020 yilning 23 yanvar tonggi holatidagi ma`lumotlarga ko`ra, Xitoyda 571 holatda koronavirus kasalligi aniqlangan, ulardan 17 nafar inson vafot etgan, deya ma`lum qildi SSV.
Shuningdek, kasallik Tailand, Yaponiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda aniqlangan. Uxan shahrida o`tkazilgan epidemiologik surishtiruv natijalariga ko`ra, ayrim kasallangan bemorlar mahalliy dengiz mahsulotlari savdo bozorlarida ishlaganligi ma`lum bo`lgan.
Bemorlarning ko`pchiligi tana haroratining yuqoriligi hamda nafas olishining qiyinlashishidan shikoyat qilgan. Ko`krak qafasining rentgenografiya xulosasiga ko`ra, ayrim holatlarda bemorlarning o`pkalari shikastlangan. Koronavirus infeksiyasining asosan hayvonlardan yuqishi taxmin qilingan. Bugungi kunda esa ushbu kasallikning odamdan-odamga yuqishi ma`lum bo`lgan va 14 nafar tibbiyot xodimi ham mazkur xastalikni yuqtirib olgan.
Xitoyda yuzaga kelgan koronavirus bo`yicha epidemik vaziyat qay darajada xavfli? Bu borada qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda? Ushbu holatda aholiga qanday ehtiyot choralarini ko`rish tavsiya etiladi?..
Shu kabi savollarga Sog`liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida bugun, soat 14.00 da tashkil etiladigan ayni paytda dolzarb bo`lib turgan koronavirus hamda gripp kasalliklariga bag`ishlangan matbuot anjumanida batafsil ma`lumot berilishi rejalashtirilgan.