Tojikistonning Somon Air aviashirkati fevral oyigacha Dushanbe–Urumchi (Xitoy) yo`nalishidagi parvozlarni to`xtatdi. Bu haqda Asia-Plus nashriga asoslanib Daryo xabar qildi.
Xitoyning South China Airlines shirkati ham fevralga qadar Tojikistonga bo`ladigan parvozlarni vaqtinchalik to`xtatgan.
«Reyslarning bekor qilinishi yangi turdagi koronavirusning tarqalishi bilan bevosita bog`liq yoki bog`liq emasligi borasida aniq ma`lumot yo`q. Reyslar 25 yanvarda Xitoyda nishonlanadigan yangi yil bayrami bilan bog`liq bo`lishi ham mumkin», — qayd etiladi Dushanbe xalqaro aeroporti matbuot xizmati xabarida.
Avvalroq Tojikiston sog`liqni saqlash vazirligi Xitoydan keladigan yo`lovchilarni sinchiklab tekshirish uchun aeroportlarni qattiq nazoratga olgan edi.
Xitoyda paydo bo`lgan va hozircha davosi topilmagan 2019-nCoV virusi yuqishi oqibatida pnevomaniyaga chalinib halok bo`lgan odamlar soni 17 nafarga etgan. Virusni yuqtirganlar 600 ga yaqinlashib qolgan va ularning 95 nafari og`ir ahvolda ekani bildirilmoqda.
Xitoyning Uxan shahrida pnevmoniyaning noma`lum turi paydo bo`lishiga ilgari noma`lum bo`lgan koronavirus sabab bo`lgan. Britaniyalik olimlar hisob-kitobiga ko`ra, virusni yuqtirib olganlar soni 1 723 ming nafarni tashkil qilgan. Ushbu natija Xitoy tashqarisida virus bilan zararlanish holatlari kuzatilgan holatlar hisob-kitobi tahlili asosida olingan. Hozirda virus yuqtirib olganlar va kasallik oqibatida vafot etganlar soni ortib bormoqda.
O`zbekiston TIV koronavirus tufayli Xitoyga borishni rejalashtirayotgan o`zbekistonliklarni yana bir bor ehtiyot choralarini ko`rishga chaqirgan. Vazirlik avval ham bu haqda fuqarolarni ehtiyotkor bo`lishni so`ragan. SSV esa Xitoyda tarqalgan koronavirus tufayli chegaradagi sanitar nazoratni kuchaytirgan, keyinchalik O`zbekistonliklarning koronavirus bo`yicha epidemik vaziyatdan xavotirlanishiga asos yo`qligini bildirgan.
Shuningdek, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi Xitoyning Uxan shahrida Osiyo-Okeaniya mintaqalari uchun boks bo`yicha 3—14 fevral kunlari bo`lib o`tadigan Tokio olimpiadasi musobaqasi bekor qilinganini ma`lum qilgan.