O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentining xabariga ko`ra, 2020 yilning 22 yanvar kuni Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida yashovchi 19 yoshli Sh.J., Jizzax viloyati IIB boshlig`i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda 2019 yilning iyul oylarida 22 yoshli B.B. bilan tanishib, o`zaro uchrashib yurganligini, ammo joriy yilning yanvar oylarida B.B. uning telefonidan shaxsiy fotosuratlarini sezdirmasdan yashirincha ko`chirib olishga erishib, Sh.J. uchun sir saqlanishi lozim bo`lgan fotosuratlarni internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yuborish bilan qo`rqitib, unga tahdid qilib, 10 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni talab qilayotganligini ma`lum qilgan va B.B.ga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.

Ushbu arizaga asosan, 25 yanvar kuni soat 09.45da Jizzax shahrida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, B.B. 25 mln. so`m miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qo`lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.






