Qashqadaryoda birovning avtomobilini o`g`irlagan kimsa yo`l avtotransport hodisasini sodir qildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Voqea shunday sodir bo`ldi: 2020 yil 26 yanvar kuni taxminan soat 18:50larda 37 yoshli A.Yu. ismli shaxs mast holda, Qarshi shahar, 7-kichik tumandagi uylar oldida turgan fuqaro A.X.ga tegishli “Nexia-2” rusumli avtomashinani noma`lum tomonga haydab ketgan. U mashinani oldi chap tomon eshigi oynasini sindirish yo`li bilan ochgani ma`lum bo`ldi.
Biroq mashina o`g`risi uzoqqa bormadi. Shu kuni soat 20:00da, mast holatda bo`lgan A.Yu., “Nexia-2” rusumli avtomashinada Mustaqillik shoh ko`chasida o`zidan oldinda harakatlanib ketayotgan “Nexia-3” rusumli avtomashinaga urilishi oqibatida to`xtashga majbur bo`ldi. "Nexia-3” avtomobilini 28 yoshli M.M.ning boshqarib kelayotgan bo`lgan. Bundan tashqari "uddaburon" haydovchi yo`lning qarama-qarshi yo`nalishida harakatlanib kelayotgan 38 yoshli Sh.A.ning boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtomashina bilan ham to`qnashib, yo`l-transport hodisasi sodir qilgan.
Oqibatda A.Yu. turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan fuqaro A.Yu.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi
2-qismi “g” bandi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.