Ayni paytda koronavirus infeksiyasi jiddiy fazaga ko`tarildi. Undan vafot etganlar soni so`nggi ma`lumotlarda aytilishicha 170 nafardan oshgan. Dunyo bo`yicha kasallangan insonlar 8 mingga yaqinlashmoqda. Bugungi kunda ushbu kasallik 16 ta davlatda qayd etildi.
Mamlakatimizda koronavirus kirib kelishining oldini olish maqsadida kompleks chora-tadbirlar tatbiq etilmoqda. Jumladan, Davlat chegara postlaridan o`tayotgan fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazishga alohida e`tibor qaratilyapti, deb xabar berdi Sog`liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.
Aytilishicha davlat chegaralarining kesishish joylarida 52 ta sanitariya-karantin punktlari ishlamoqda. Hozirda chegara postlaridan o`tayotgan fuqarolarning teplovizor yordamida tana harorati masofadan turib o`lchanmoqda. Ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun nafaqat sanitariya nazorat punktlari, balki shifokor infeksionistlar ham jalb etilgan.
So`nggi o`n kuni ichida ana shunday tekshiruvlar natijasida Xitoydan kelgan fuqarolarning 59 nafaridan virusologik tekshiruv o`tkazish uchun namunalar olingan. 19 nafar shaxs esa Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida tashkil etilgan bo`limga murojaat etgan va tibbiy nazoratdan o`tgan. Shu o`rinda aytish kerakki, ayni paytda ularning birontasida ham koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.
Bundan tashqari, Xitoydan kelganlar 14 kun davomida nazoratga olinmoqda.






