1

Lukoyl qanday qilib O`zbekiston uchun gaz qazib oladi?

Jamiyat 31.01.2020, 12:07
Lukoyl qanday qilib O`zbekiston uchun gaz qazib oladi?

O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi mazkur masalaga izoh berdi

15 yil oldin O`zbekiston Respublikasi va Rossiyaning LUKOYL neft kompaniyasi o`rtasida Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari konlaridagi mahsulot taqsimotiga oid bitimlar (MTB) imzolanishi bilan hamkorlik boshlandi. Ushbu konlarning o`zlashtirilishi esa katta moliyaviy sarmoyalarni talab qilardi.

Konlar sobiq ittifoq davrida aniqlangan, ammo hech kim murakkabligi va xarajatlari sababli ularni o`zlashtirmagan. Bugungi kunga kelib LUKOYL MTBning amalga oshirilishiga 8 mlrd. AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritib, mamlakatning eng yirik xorijiy sarmoyadoriga aylandi. 

Ta`kidlash kerakki, «LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ «O`zbekneftegaz» AJ bilan birgalikda tashkil etilgan bo`lib, quduqlarni o`zlashtirish va jixozlash, tabiiy gazni qazib olish, uni bozor talablariga javob beradigan holgacha tozalash va qayta ishlash bo`yicha faqat loyihalar operatori hisoblanadi. LUKOYL tomonidan o`zbek tuprog`ida ishlab chiqarilgan gazning butun hajmi O`zbekiston Respublikasiga topshiriladi.

Axir, ma`lumki, gaz er ostidan turli xil aralashmalar bilan chiqadi va bu uni tashish yoki foydalanishda qiyinchiliklarga olib keladi. Shunday qilib, gaz tarkibidagi suv bug`lari ma`lum sharoitlarda gidratlar hosil qilishi yoki kondensatlanganda quvurlarda to`planib gaz oqimiga xalaqit berishi, zaharli vodorod sulfidi esa gaz uskunalarining qattiq korroziyasini keltirib chiqaradi va inson hayoti uchun o`ta xavflidir.

Gazni tayyorlashdan tashqari, butun infratuzilma va quvurlar tarmog`ini yaratish kerak. Shunday qilib, tabiiy gazni qazib olish, uni "ko`k yoqilg`i" ko`rinishigacha tozalash va qayta ishlash murakkab va qimmatbaho yuqori texnologik jarayondir. LUKOYL tomonidan qayta ishlangan gaz eng yuqori talablarga javob beradi va xalqaro bozorlarda talabga ega.

LUKOYL bilan MTBni amalga oshirishdan O`zbekiston Respublikasining umumiy daromadi 4 milliard dollardan oshdi.

Bundan tashqari, «LUKOYL» respublikadagi eng yirik soliq to`lovchilaridan biri bo`lib, davlat g`aznasiga foyda solig`i, er osti boyliklaridan foydalanganlik uchun soliq va boshqa majburiy to`lovlarni to`laydi. LUKOYLning O`zbekistondagi butun faoliyati davomida soliq ajratmalarining umumiy miqdori 10,2 trln. so`mni tashkil etdi.

O`zaro foydali hamkorlik tufayli O`zbekistonda uglevodorod resurslarini qazib olish va ulardan foydalanish samaradorligi oshdi – etib borish qiyin bo`lgan hududlarda gaz qazib olinmoqda va qayta ishlanmoqda. Cho`lda zamonaviy muhandislik va transport infratuzilmasiga ega bo`lgan, quvvati 8 mlrd. kubometrdan ortiq bo`lgan noyob Qandim gazni qayta ishlash majmuasi barpo etildi.

LUKOYL ishlab chiqarish vazifalarini bajarar ekan, ijtimoiy masalalarni hal qilishga ham yordam beradi: ishlab chiqarish faoliyati hududlarining infratuzilmasi rivojlantirilmoqda, yo`llar va ijtimoiy ob`ektlar qurilmoqda, ish o`rinlari yaratilmoqda. Shunday qilib, munosib mehnat va vaxta shaharchalarida uy-joy sharoitiga ega bo`lgan 3000dan ortiq yurtdoshlarimiz LUKOYL ob`ektlarida ish bilan ta`minlangan. Inson kapitalini rivojlantirishga qo`shgan hissasi, kadrlar tizimining yuqori samaradorligi uchun LUKOYL-O`zbekiston «O`zbekistonning eng yaxshi ish beruvchisi» va «Mamlakatning eng istalgan ish beruvchisi» kabi yuqori mukofotlarga sazovor bo`lgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1