—Uy-joy qurish uchun sobiq kolxozning er berilgani haqida qarori bo`lsa-yu, ammo kimlarga berilgani to`g`risidagi ilovasi bo`lmasa, kimlarga berilganligini tiklashning qanday yo`li bor?
Usmon Istamov, Buxoro viloyati G`ijduvon tumani
Yo`ldosh QORABOEV, Er munosabatlarini tartibga solish va er hisobi bo`limi bosh mutaxassisi:
— 1998 yil 30 aprelda O`zbekiston Respublikasi Er kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan er munosabatlarini tartibga solish sohasidagi vakolatlar belgilab berilgan. Uning 4-moddasi bilan Vazirlar Mahkamasiga, 5-moddasi bilan viloyatlar, Toshkent shahar davlat hokimiyati organlariga, 6-moddasi bilan tumanlar davlat hokimiyati organlariga, 7-moddasi bilan esa, shaharlar davlat hokimiyati organlariga er ajratish vakolatlari belgilab berilgan.
Ushbu kodeksda kolxoz va sovxozlar boshqaruviga er ajratish vakolatlari berilmagan. Yuqoridagiga asosan kolxoz va sovxoz raislari tomonidan qabul qilingan qarorlar, O`zbekiston Respublikasi amaldagi Er kodeksiga zid ravishda qabul qilingan, deb hisoblanadi.
Sadoqat ALLABERGANOVA






