Koreya davlatiga ishga yuborish uchun 35 000 AQSh dollari talab qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, “O. xususiy bandlik agentligi” MChJ xodimlari M.I., T.A. va fuqaro I.X. fuqaro L.K. va boshqalarning ishonchiga kirib, ularni aldab, 4 nafar o`g`illari va 1 nafar jiyanini noqonuniy ravishda, tegishli hujjatlar rasmiylashtirmasdan Koreya Respublikasiga ishga yuborishni va`da qilgani aniqlandi.
Buning evaziga har biri uchun 7 000 AQSh dollaridan jami 35 000 AQSh dollari talab qilishib, shundan, 17 500 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida, “A.visa” MChJ rahbari Sh.A. yuqoridagi 5 nafar fuqarolarni noqonuniy ravishda Koreya Respublikasiga ishga yuborish evaziga bo`nak sifatida 2 500 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






