AsosiyJamiyat

Nukuslik harbiy xizmatchilar qasamyod qabul qilishdi

'Nukuslik harbiy xizmatchilar qasamyod qabul qilishdi'ning rasmi

Shimoliy-g`arbiy harbiy okrug Nukus garnizonidagi Safarbarlik chaqiruvi rezervi batalonining 500 ga yaqin harbiy xizmatchilari “Vatanga qasamyod” qabul qilishdi. Bu haqda "Darakchi.uz"ga Shimoliy-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar qildi.  

Xizmatchilarning ota-onalari, yaqinlari va do`stlari hamda davlat va jamoat tashkilotlari ishtirok etgan marosimda SChR bataloni komandiri podpolkovnik Alimardon Raxmatov so`zga chiqib, barchani ushbu kun bilan muborakbod etar ekan, shunday dedi: “Vatanga qasamyod harbiy xizmatchiga ona yurti, uning mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uchun, shu yurt tinchligi, xalqining bunyodkorona mehnati, nuroniy otaxonlar va onaxonlarning farog`atiyu, bolalarning beg`ubor kulgusi, nurli kelajagi uchun mas`ul ekanligini eslatib turadi”. 

Darhaqiqat, marosimda birin-ketin Vatan oldidagi yigitlik burchiga sodiq qolishga ahd qilayotgan yigitlarning ko`zlarida mardlik va jasurlik uchqunlari namoyon bo`lib, qalblarida cheksiz faxr va iftixor tuyg`ulari alanga olib turdi. 

Safda turgan xizmatchilar orasidan tinmay kimnidir qo`lida gul bilan qidirayotgan ona, hayajondan entikayotganlarning ham quvonchi bir olam edi. Xo`jayli tumanidan bir oylik harbiy xizmatga chaqirilgan xizmatchi Xursand Xayrullaevning onasi Xaljanay Ibragimova dilbandining sog`inchi bilan bugun marosimda qatnashib turibdi. 

– “Farzandim nafaqat Vatan oldidagi yigitlik burchini o`tadi, balki mening ham ishonchimni oqladi”, – deydi quvonch yoshlari bilan onaxon. – “Bolamni sog`inib yig`lagan tunlarimda o`g`lim Vatanni qo`riqlashdek mas`uliyatli va sharafli vazifani ado etishga ketganligi ko`nglimga taskin berardi. Armiyamizda yaratilgan shart-sharoitlarni ko`rib, ko`zim quvondi. Fursatdan foydalanib, yurt himoyachilariga sog`lik-omonlik tilab qolaman.

Qish kunlaridagi havoning sovuq darajada bo`lishiga qaramasdan, yuqori jo`shqinlikda o`tgan tadbir so`ngida Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazi harbiy orkestri jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy va qo`shiqlar yig`ilganlarning qalbini iliqlik bilan to`ldirdi, dillarga xush kayfiyat ulashdi.

    Boshqa yangiliklar