AsosiyJamiyat

2019 yilda maktablarni qo`llab-quvvatlashga eng ko`p mablag`ni Andijon viloyati ajratdi

'2019 yilda maktablarni qo`llab-quvvatlashga eng ko`p mablag`ni Andijon viloyati ajratdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi Andijon viloyati hokimi Shuxratbek Abduraxmanovni “Ta`lim homiysi” ko`krak nishoni bilan taqdirladi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

2020 yilning 1 fevral kuni Xalq ta`limi vaziri o`rinbosari Dilshod Kenjaev Andijon shahrida Shuxratbek Abduraxmanovga ko`krak nishonini topshirdi.

2019 yilda Andijon viloyati boshqa ma`muriy-hududiy tuzilmalar orasida mahalliy byudjetdan maktablarni qo`llab-quvvatlashda eng ko`p mablag` ajratgan hududga aylandi.

Ma`lumot uchun, 2019 yilda Andijon viloyatida investisiya dasturi doirasida 2 ta maktab qurildi, 5 ta maktab kapital ta`mirlandi hamda 19 ta maktab rekonstruksiya qilindi. “Obod qishloq“ va “Obod mahalla“ dasturlariga ko`ra 16 ta maktab rekonstruksiya qilindi, 17 maktab kapital ta`mirlandi. Viloyatdagi mahalliy byudjet hisobidan 12 ta maktab qurildi, 28 ta maktab kapital ta`mirlandi.

2019 yil 23 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tgan edi. Mazkur uchrashuvda mamlakatimiz rahbari maktab ta`limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarurligini ta`kidladi.

- Xalq ta`limi vazirligi nomidan Prezidentimiz tomonidan qo`yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun bor kuchlarini va imkoniyatlarini safarbar etayotgan viloyat hokimlariga o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Umid qilamanki, qolgan viloyat rahbarlari ham Andijon viloyati hokimi Shuxratbek Abduraxmanovdan o`rnak oladi va ta`lim tizimini qo`llab-quvvatlaydi. Zero, biz oldimizga qo`yilgan vazifalarni bajarishimiz uchun bizga bilimli va etuk mutaxassislar kerak, - deb ta`kidladi Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov.

Ma`lumot o`rnida shuni aytib o`tish kerakki, hozirgi kunda Andijon viloyatida faoliyat yuritib kelayotgan 764 ta o`rta umumiy ta`lim maktablarda 555,44 mingdan ziyod o`quvchi tahsil olmoqda. Bundan tashqari, o`quvchilarning darsdan keyingi bo`sh vaqtlarini mazmunli o`tkazish uchun 17 ta “Barkamol avlod” markazlari xizmat qilmoqda.

Eslatib o`tamiz, 2018 yilning sentyabr oyida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi Musa Erniyazov va 2019 yilning noyabr oyida Surxondaryo viloyati hokimi To`ra Bobolov “Ta`lim homiysi” ko`krak nishoni bilan taqdirlangan.

 

    Boshqa yangiliklar