AsosiyJamiyat

Xorijdagi o`zbekistonlik migrantlar himoyasi uchun nima qilinyapti? Ijtimoiy tarmoqdagi e`tirozlarga Migrasiya agentligi izoh berdi

'Xorijdagi o`zbekistonlik migrantlar himoyasi uchun nima qilinyapti? Ijtimoiy tarmoqdagi e`tirozlarga Migrasiya agentligi izoh berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz orasida halok bo`layotganlar soni ko`pligi, mehnat migrantlarini Vatanga qaytarish va baxtsiz hodisalarning oldini olish borasida etarli ishlar qilinmayotgani haqida fikr bildirilgan.

Ushbu fikrlar bo`yicha Migrasiya agentligi matbot kotibi izoh berdi.

"Darhaqiqat, dunyoning ko`plab davlatlarida bo`lgani kabi yurtimizda ham ishsizlik muammosi mavjud. Respublikamizdagi demografik o`sish natijasida har yili 600 mingdan ortiq ishchi kuchi paydo bo`layotgan sharoitda aholi bandligini ta`minlash, yangi ish o`rinlarini yaratishga qaratilgan amaliy tadbirlar ko`rilayotganiga qaramay, tashqi mehnat migrasiyasining katta oqimi haligacha saqlanib qolmoqda.

Avvalo qayd etish joizki, inson hayotining yakuni yosh, joy va ma`lum vaqt tanlamaydi. Afsuski, bu holat chet mamlakatlarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ham chetlab o`tmaydi. Hoh Vatanda bo`lsin, hoh musofir yurtda bo`lsin, biror insonning bevaqt vafot etishi aslida katta fojea.

Xorijda mehnat qilayotgan O`zbekiston fuqarolarini har tomonlama qo`llab-quvvatlashga oxirgi yillarda e`tibor kuchaytirilmoqda. Xususan, 2018 yildan buyon xorijda vafot etgan mehnat migrantlarining jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida mayib bo`lgan yoki og`ir jarohat olgan fuqarolarni davlat hisobidan olib kelish yo`lga qo`yildi.

Shu bilan birga, mehnat muxojirlarini har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularni respublika tashqarisida ish joylariga xavfsiz tarzda etib borishini ta`minlash uchun shart-sharoitlar yaratish bo`yicha qator natijalarga erishilmoqda.

2018 yilda Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi tashkil etildi.

Fuqarolarimiz huquqini xorijda himoya qilish maqsadida O`zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari shatat jadvallariga mehnat migrasiyasi masalalari bo`yicha attashe lavozimi kiritilmoqda, shuningdek, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining xorijiy vakolatxonalari tashkil etilmoqda.

Mehnat migrantlari uchun imtiyozli mikroqarz berish, hayot va sog`liqni hamda patent va xorijda ishlash uchun ruxsat beruvchi boshqa hujjatlarning rad etilishi tavakkalchiliklarini sug`urtalash bo`yicha sug`urta polisi to`lovi bilan bog`liq xarajatlarni subsidiyalash imkoniyatlari yaratilgan.

Albatta, yillar davomida paydo bo`lgan muammolarni hal etish vaqt va davomiy choralarni ko`rishni talab etadi.  

Yuqoridagi kabi o`zgarishlar va davomiy islohotlar sohadagi muammolarni bartaraf etishga, aholi bandligini ta`minlashga va fuqarolarimizning xorijda xavfsiz, tartibli va manzilli ish bilan ta`minlashga o`zining ijobiy ta`sirini ko`rsatadi", deyiladi ushbu xabarda.

Boshqa yangiliklar