1

Shar`iy nikohdagi xotinning talabi bilan er sobiq xotinini cho`kib o`lishiga sababchi bo`ldi...

Jinoyat 05.02.2020, 13:25
Shar`iy nikohdagi xotinning talabi bilan er sobiq xotinini cho`kib o`lishiga sababchi bo`ldi...

Muqaddam 3 yil ozodlikdan mahrum qilingan 30 yoshli yigit 2011 yilda qonuniy nikohdan o`tib oila qurgan. Ikki nafar farzandli bo`ladi. 2013 yil dekabrning oxirlarida er-xotin kelishmovchilik oqibatida ajrashishadi. Rishton tumanlararo sudining 2014 yil 21 yanvardagi sud buyrug`iga asosan ayolga ikki nafar farzandining ta`mino- ti uchun aliment to`lashi lozim bo`lsa-da, 2019 yil 1 aprelga qadar 22.260.204 so`m alimentdan bo`lgan qarzdorlikni to`lamagan. Bag`dod tuman ma`muriy sudining 2019 yil 18 apreldagi qaroriga asosan 15 sutka ma`muriy qamoq jazosiga tortilgan. Ayolning sobiq eridan aliment pullarini to`liq olgani to`g`risidagi tilxatiga asosan 19 aprelda ma`muriy qamoqdan ozod etilgan...

Ota ma`muriy qamoqdan ozod etilgach, 2018 yil martdan shar`iy nikohidagi muqaddam 2 bor sudlangan, oilasi bilan ajrashgan, bir nafar farzandi bor 29 yoshli ayol bilan birgalikda reja tuzishadi. Maqsad sobiq xotinini o`ldirib, qarzdorlikdan qutulish edi. Jinoiy sherik bo`lgan ayol 2019 yil 20 aprelda kechki payt o`zi foydalanayotgan telefon raqamini sotish yuzasidan “eri”ning sobiq xotini bilan uchrashadi.

— Yashash manzilim yo`q, sharoitim og`ir, — deydi telefon raqam sotib olishga kelgan ayol.

Vaziyatdan foydalangan shar`iy nikohdagi ayol “mening uyimda birga yashashingiz mumkin”, deya onani qizi bilan mashinaga o`tkazadi. Uchko`prik tuman markazida kutib turgan erning yoniga borishadi. U ham mashinaga o`tirgach, Uchuy qishlog`idagi uyi tomon yo`lga tushishadi. Yo`lda sobiq xotini bilan o`zaro janjallashib, uning yuziga urishadi. Mashinadan tushirib, qo`llarini bog`lashga harakat qilishib, yuziga sirka kislotasini sepishadi.

Shu kuni soat 23:00 larda ular mashinadan tushib qolib shar`iy nikohdagi er-xotin sobiq xotinni qasddan o`ldirish maqsadida ayolni qiynab, “Katta Farg`ona kanali”ga tashlab yuborishadi. Ayolni o`ta shafqatsizlik bilan o`ldirgach, marhumaning sumkasidagi qo`l telefon apparatini o`g`irlashadi. 23 aprelda Qo`qondagi Yangibozor hududida telefonni 400.000 so`mga sotishadi.

2019 yil 3 mayda “Katta Farg`ona kanali”dan ayolning murdasi qo`llari orqaga ayollar ro`moli bilan bog`langan holda topilgan.

“QO`RQUVDA QIZIMNING OLDIDAN KETMADIM”

Sudlanuvchi ota sudda aybiga qisman iqror bo`lgan...

— Ajrashgan bo`lsak-da, keyinroq yana yarashib birga yashadik. Lekin xotinim telefonda begonalar bilan gaplashganini bilib qolib, yashamay qo`ydim. 2019 yil boshlarida alimentdan qarzim sabab, 5 sutka ma`muriy qamoq jazosini o`tadim. Bir ayol bilan sha`riy nikohdan o`tib yashay boshladim.

So`ng 15 sutkaga ma`muriy qamoq jazosiga tortilganimning ertasiga qamoqdan qo`yib yuborishdi. Xotinim “jarimani to`ladim. Sobiq xotiningizni o`ldirib qutulmasak, yana qamatib yuboradi”, dedi. Shu kuni kechasi xotinim sobiq rafiqam bilan telefonda gaplashib, telefon raqamini unga sotishni taklif qildi... 

Yo`lda haydovchi sobiq xotinimga tegajog`lik qilsa ham u e`tiroz bildirmadi. Jahl ustida bir-ikki yuziga urdim. Xotinim sirka kislotasini yuz-ko`ziga sepdi. Haydovchi bizni ajratdi...

Sobiq xotinimni qo`llarini bog`lab, tirik holatida kanalga tashlab yubordik. U biroz kanalda oqib, ko`prik tagidagi betonga tiralib qoldi. Qutqarmoqchi bo`lganimda rafiqam: “meni yoki uni tanlang”, dedi. Kanal qirg`og`ida uxlab yotgan qizimni ham kanalga tashlab yubormasin, degan qo`rquvda qizimning oldidan ketmadim. Shu bois sobiq xotinimni qutqarmadim, u cho`kib ketdi...

 

“TIRIKLAYIN KANALGA TAShLAB O`LDIRIShGANINI BILDIM”

Jabrlanuvchining vakili:

— Marhuma qizim ijaraga olgan uyda nabiram uchalamiz birga yashardik. 2019 yil 20 aprelda MFY raisi qo`ng`iroq qilib, “Qo`qon shahri markazida o`zini qizingizning kundoshi, deb tanishtirgan ayol nabirangizni tashlab ketdi. Qizingiz Rossiyaga ishlashga ketganini aytdi”, dedi. Bir necha kun o`tib, sobiq kuyovim qo`ng`iroq qilib, “qizingizni topa olmayapman, topib bering”, dedi...

3 mayda IIB xodimlari qo`ng`iroq qilib, “zudlik bilan Qo`qon tumanlararo sud-tibbiy ekspertizasi bo`limiga etib keling”, deyishdi. Borgach, qizimning murdasini kanaldan topishganini aytishdi. Bir necha kun o`tib, qizimning sobiq turmush o`rtog`i va shar`iy nikohdagi xotini tiriklayin kanalga tashlab o`ldirishganini bildim.

Bekzod ERGAShEV, jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona   viloyat sudi sudyasi: 

— Sudlanuvchilar JKning 97-moddasi 2-qismi “j, i, p” band- lari, 169-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topildi. Sudlanuvchi erkakka uzil-kesil 19 yil, ayolga esa uzil-kesil 13 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Jabrlanuvchining vakili da`vosi qisman qanoatlantirilib, sudlanuvchilardan solidar tartibda jabrlanuvchining vakiliga 7.800.000 so`m moddiy va 15.000.000 so`m ma`naviy zarar undirilishi belgilangan.

Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1