AsosiyJinoyat

1 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi

'1 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi'ning rasmi

Mamlakatimiz ichki ishlar organlari tomonidan giyohvandlik vositalari bilan bog`liq jinoyatlar, ayniqsa, kuchli ta`sir qiluvchi dori-darmonlar va sintetik narkotik moddalarning respublikamiz hududiga olib kirilishi hamda tarqatilishining oldini olishga qaratilgan profilaktik tezkor tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

16 yanvar kuni Toshkent viloyatining O`rtachirchiq tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda Farg`ona viloyatining Qo`qon shahrida yashovchi N.N. 54 million so`m evaziga 19 ming 790 dona «Tramadol» dori vositasini sotayotgan vaqtida IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi. Xuddi shuningdek, 9 yanvar kuni Bekobod tumanida 56 yoshli shaxs 5 litr sig`imli elim idishga joylangan 319 gramm marixuana giyohvandlik vositasini 500 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo`lga olingan.

O`tgan 2019 yil davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o`tkazilgan keng qamrovli profilaktik tezkor tadbirlarda esa giyohvandlik vositalari bilan bog`liq 4611 ta jinoiy holat aniqlanib, noqonuniy muomaladan 1 tonnaga yaqin giyohvandlik vositalari olib qo`yilgan. Masalan, 2019 yil 6 va 16 mart kunlari Samarqand viloyatida Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo`li bilan katta miqdorda giyohvandlik vositalarini respublikamiz hududiga olib o`tib, sotish va tarqatish bilan shug`ullanayotgan 9 kishidan iborat uyushgan guruh «faoliyati» fosh etildi. Jinoiy guruhdan 2,4 kilogramm geroin, 25,7 kilogramm opiy giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Bu kabi sa`y-harakatlarning amalga oshirilishi tufayli respublikamiz hududida giyohvandlik vositalari tarqalishining oldi olinib, yuzlab oilalarning osoyishta hayoti saqlab qolindi.

    Boshqa yangiliklar