Mamlakatimizda bugungi kunda barcha sohalari qatorida dehqon xo`jaliklari va tomorqa erlardan foydalanish bo`yicha ham keng islohotlar amalga oshirilib kelinayotganligi barchamizni quvontiradi. Barcha chora-tadbirlar ushbu sohani yanada rivojlantirish hamda aholining ushbu faoliyat bilan shug`ullanib kelayotgan shaxslarni mehnat unumdoligini oshirish, olingan hosildan yoki mehnati mahsulidan yuqori daromad olishini ta`minlash, shuningdek, ularning ilg`or faoliyatni amalga oshirganliklari uchun taqdirlash ishlarini tashkil etish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 24 yanvar kuni bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat rahbarimiz “Qishloq xo`jaligi sohasini boshqarish tizimini isloh qilish, er va suv resurslaridan oqilona foydalanish borasidagi ilg`or texnologiyalarni joriy etish, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash eng muhim vazifamizdir” -deya ta`kidladi. Haqiqatan ham qishloq xo`jaligi sohasiga ilg`or texnologiyalarni joriy qilish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash bugungi kunda eng dolzarb masala hisoblandi.
Shuni ham alohida ta`kidlash lozimki, dehqon xo`jaliklari va aholi tomorqalari er uchastkalaridan foydalanishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etmas ekanmiz, ushbu sohani yanada rivojlanishiga erisha olmaymiz. Mavjud muammo va kamchiliklarni yo`qotish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Dehqon xo`jaliklari va tomorqa er uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 205-son qarori 2018 yil 18 mart kuni qabul qilingan. Lekin jamiyatda ijtimoiy munosabatlar yuqori darajada o`zgarib bormoqda. Shuningdek, ushbu faoliyatda muammolar yuzaga kelmoqda hamda dehqon xo`jaliklari va tomorqa er uchastkalaridan foydalanishni yanada samarali bo`lishini taqazo etmoqda. Birinchidan,dehqon xo`jaliklari va tomorqa er uchastkalarida serhosil va yuqori daromad beradigan qishloq xo`jaligi ekinlari joylashtirilishi etarli darajada emas. Ikkinchidan, moddiy-texnik resurslarini tizimli etkazib berilmayapti. Uchinchidan, qishloq xo`jaligi ekinlarini sug`orilishida suv bilan to`liq ta`minlanmasligi hamda suv limitlari doirasida suvga bo`lgan talabdan kelib chiqmasdan berilaayotganligi asosiy muammolardan biri bo`lmoqda. Ushbu holatlarni bartaraf etish, ichki iste`mol va eksport uchun qishloq xo`jaligi maxsulotlari etishtirish hajmlarini ko`paytirish hamda qishloq aholisining moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida 2020 yil
30 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Dehqon xo`jaliklari va aholi tomorqalari er uchastkalaridan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 53-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qaror bilan, dehqon xo`jaliklari va aholi tomorqalari er uchastkalarida 2020 yil hosili uchun to`qsonbosti usulida, ekiladigan bahorgi va takroriy qishloq xo`jaligi ekinlarini mavsum davomida ajratiladigan suv limitlari doirasida suvga bo`lgan talabidan kelib chiqib, o`z vaqtida suv bilan to`liq ta`minlash belgilab qo`yildi. Bizning mehnatkash xalqimiz “To`qsonda sug`orsang, to`qson botmon hosil olasan” degan maqolni ko`p takrorlashlari ham bejizga emas. Mazkur usulda qishning to`qson kuni nazarda tutilgan bo`lib, kuz faslida ekiladi hamda qor ostida qoldiriladi. Shunda sabzavot ekinlari urug`lari erta ko`klamda erdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi. Bundan tashqari to`qsonbosti ekinlariga ta`rif Vazirlar Mahkamasining 2018 yil
18 martdagi 205-son qarorida ko`rsatib o`tilgan. Unga ko`ra to`qsonbosti ekinlari deganda navbatdagi yilda erta hosil etishtirish uchun kech kuzda, ya`ni noyabr oyining uchinchi va dekabr oyining birinchi o`n kunligi oralig`ida sovuq va namgarchilik boshlanmasdan oldin ekiladigan sovuqqa chidamli sabzavot ekinlari tushuniladi.
Mazkur Vazirlar Mahkamasining 53-son qaroriga ko`ra tashqi bozor talablari asosida mahallalar eksportbop qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirishga ixtisoslashtiriladi. “Tomorqa xizmati” MChJlar mahallalarga biriktirilgan holda dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalariga shartnoma asosida urug`lar, ko`chatlar va boshqa zarur moddiy resurslar etkazib beriladi.
Dehqon xo`jaliklari va tomorqa er uchastkalarida etishtirilgan qishloq xo`jaligi mahsulotlari “Tomorqa xizmati” MChJlar tomonidan belgilangan tartibda sotib olinadi, ularning eksport qilinishi tashkil etiladi. Shuningdek, ushbu mahsulotlarning realizasiya va eksport qilinishida Investisiya va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xo`jaligi vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi va viloyatlar hokimliklari tomonidan amaliy yordam ko`rsatiladi. 2020 yil hosili uchun bahorgi (ertaki) va takroriy (o`rtaki) ekinlar ekilishi davrida dehqon xo`jaliklari erlaridan foydalanish holatining uchuvchisiz uchish apparatlari (dronlar) orqali tanlanma monitoringi tashkil etiladi.
Ushbu qaror bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda 2020 yilda dehqon xo`jaliklari va tomorqa er uchastkalarida bahorgi (ertaki) qishloq xo`jaligi ekinlarini joylashtirish ko`rsatkichlari tasdiqlandi.
Shuningdek, ushbu ekinlarni ekish, moddiy-texnika resurslarini etkazib berish va etishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni tashkil etish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Unga ko`ra, imkoniyati cheklangan va kam ta`minlangan tomorqa er egalari, shuningdek ish bilan band bo`lmagan aholining ro`yxati shakllantiriladi, ularni qo`llab-quvvatlash bo`yicha manzilli choralar belgilanadi. Tomorqadan samarasiz foydalangan tomorqa er egalariga ko`maklashuvchi tashabbuskor fermer xo`jaliklari biriktiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 53-son qaroriga ilova qilingan “2020 yilda har bir dehqon xo`jaligida va tomorqa er uchastasida yuqori daromad beradigan eksportbop qishloq xo`jaligi ekinlarini ekish, moddiy-texnika resurslarini etkazib berish va etishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni tashkil etish bo`yicha chora-tadbirlar dasturiga ko`ra 2020 yil 1 martdan tomorqa eridan samarasiz foydalanganligi uchun xonadon egasiga joriy yil uchun hisoblangan er solig`ining uch barobari miqdorini qo`llash amaliyotini qo`llash amalga oshirilishi belgilangan.
Bundan tashqari mazkur qaror bilan “Tomorqa xizmati” mas`uliyati cheklangan jamiyatlarining reestrini shakllantirish va yuritish tartibi belgilandi. “Tomorqa xizmati” MChJlari fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalariga qishloq xo`jaligi barcha faoliyat turlarini rivojlantirish uchun moddiy resurlarni etkazib berish, shuningdek, issiqxonalar qurib berish, qishloq xo`jaligi mahsulotlari etishtirish bilan birga qayta ishlash, saqlash, realizasiya qilish va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug`ullanuvchi xo`jalik yurituvchi sub`ekt hisoblanadi.
Agrar sohani rivojlantirish bugungi kuning eng muhim va dolzarb masalasi bo`lib kelmoqda. Shu munosabat bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 4 fevral kuni qishloq xo`jaligida klasterlar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari bo`yicha ham yig`ilish o`tkazdi. Agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlardan biri klaster usuli yo`lga qo`yilganligidir, shuningdek, ekin turlari zamon talabidan kelib chiqib o`zgartirildi.
Yurtimizda etishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xo`jaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Davlatimiz rahbarining 2019 yil 23 oktyabrdagi Farmoni bilan O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasi qabul qilindi. Unga muvofiq, yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida meva-sabzavot klasterlari tashkil etilmoqda. 2019 yil 11 dekabrda bu borada Prezident qarori qabul qilinib, barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratib berildi. O`tgan qisqa vaqtda hokimliklar tomonidan 86 ta shunday klaster tashkil etish bo`yicha takliflar shakllantirildi. Davlatimiz rahbari bu haqda joriy yil 24 yanvardagi Murojaatnomasida ham ta`kidlagan. “Paxta va g`alla etishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o`tamiz. Agar bu yo`ldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot etishtirishda erkin bo`lmaydi, ular o`zlari kutganlaridek manfaat ko`rmaydi, hokimlarning esa ish uslubi o`zgarmaydi”, - degan edi Shavkat Mirziyoev.
Dehqon xo`aliklari va tomorqa erlaridan samarali foydalanish tizimini yo`lga qo`yilsa, malakatimizda qishloq xo`jaligi maxsulotlariga bo`lgan ehtiyoj har bir mavsumda qondiriladi. Shuningdek, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalari o`zlarining etishtirgan mahsulotlaridan yuqori daromad olishlari hamda eksportbop mahsulotlarning hajmi oshishiga, mahsulotlarining sifati yanada yaxshilanishiga olib keladi.
Adliya vazirligi mas`ul xodimi
Farrux Juraev