AsosiyJamiyat

O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi London fond birjasida IPO‘ga chiqadi

Kutilayotgan IPO O‘zbekistonning jahon moliya bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, korporativ boshqaruvning zamonaviy standartlari va shaffof tizimni joriy etishga kuchli turtki beradi.

'O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi London fond birjasida IPO‘ga chiqadi'ning rasmi

Bugun — 18 may kuni, London fond birjasida O'zbekiston Respublikasi Milliy investitsiya jamg'armasi aksiyalarining birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) jarayoniga bag'ishlangan rasmiy marosim bo'lib o'tadi. Mazkur voqea mamlakatimiz kapital bozorini xalqaro moliya maydoniga olib chiqish yo'lidagi muhim qadam bo'lib, O'zbekiston iqtisodiyoti tarixida yangi sahifa ochadi.

Rasmiy marosimda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy siyosat bo'yicha maslahatchisi Obid Hakimov va boshqa mas'ullar ishtirok etishi kutilmoqda.

Jamg'armaning London birjasiga chiqishi yurtimizdagi keng ko'lamli iqtisodiy islohotlar, ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini kengaytirish hamda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash borasidagi sa'y-harakatlarning amaliy ifodasidir. Bu jarayon, ayni paytda, xorijiy hamkorlarning O'zbekistonda amalga oshirilayotgan tarkibiy yangilanishlarga bo'lgan yuqori ishonchini namoyon etadi va xalqaro investorlarga mamlakatimiz iqtisodiyoti hamda mahalliy kompaniyalar salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini yaratadi.

Kutilayotgan IPO O'zbekistonning jahon moliya bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, korporativ boshqaruvning zamonaviy standartlari va shaffof tizimni joriy etishga kuchli turtki beradi.

Tadbir yakunlari yuzasidan qo'shimcha ma'lumot beriladi.

    Boshqa yangiliklar