AsosiyJamiyat

Bugun dunyoni zabt etgan o`zbek — Amir Temur tavallud topgan kun. Sohibqiron haqida nimalarni bilamiz?

'Bugun dunyoni zabt etgan o`zbek — Amir Temur tavallud topgan kun. Sohibqiron haqida nimalarni bilamiz?'ning rasmi

Bugun, 9 aprel buyuk sarkarda Amir Temur bobomiz tavallud topgan kun.

Amir Temur ibn amir Tarag`ay 1336 yil 9 aprelda Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xo`ja Ilg`or qishlog`ida dunyoga kelgan. Uning otasi amir Muhammad Tarag`ay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi bo`lgan.
Amir Temurning yoshligi haqida ma`lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o`z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me`morchilik va tarix ilmlarini o`rgangan. Amir Temur bilan suhbatlashish sharafiga muyassar bo`lgan buyuk arab faylasufi Ibn Xaldun jahongir turk, arab, fors xalqlari tarixini, diniy, dunyoviy va falsafiy bilimlarning murakkab jihatlarigacha yaxshi o`zlashtirganini ta`kidlaydi.
 

 Buyuk davlat arbobi, o`rta asrlar islohotchisi, sarkarda, adolat uchun tolmas kurashchi, bobokalonimiz Amir Temur davrida ilm-fan, madaniyat va ta`lim mislsiz darajada yuksalgan edi.

Zero, siyosiy maydonga qadam qo`yganda, u endigina 24 yoshda bo`lgan. Mamlakat parokanda, mahalliy-siyosiy kuchlar o`rtasidagi o`zaro qarama-qarshiliklar avj olgan, Chingizxon avlodlari Movarounnahrga tez-tez bosqin uyushtirib turardi. Jamiyatda ozodlikka va taraqqiyotga bo`lgan intilishlarni o`zida mujassam etgan xaloskor dohiy zarur edi. Amir Temur ana shunday yo`lboshchi sifatida tarix sahnasiga chiqdi.

1370 yilda Balxda bo`lib o`tgan qurultoyda ulug` amir deb e`lon qilingan Amir Temur, tarqoqlikni bartaraf etib, o`lkalarni yagona davlatga birlashtirdi. Amudaryo bilan Sirdaryo oralig`i, Farg`ona va Shosh viloyatlari, Markaziy Osiyo davlatlari, Hind va Gangadan Zarafshongacha, TyanShandan to Bosforgacha ulkan saltanat barpo etdi.

 Tarix Amir Temurni makedoniyalik Iskandar, Doro I, Yuliy Sezar kabi yirik sarkardalar bilan bir qatorga qo`yadi.

«Kuch – adolatdadir» shiori sohibqiron davlati hududida axloqiy va ma`naviy mezonga aylangan edi. Ulkan va bepoyon mamlakatning poytaxti rutbasini olgan Samarqand kurrai zaminda eng go`zal shahar sifatida chiroy ochdi. O`rta Sharq va Markaziy Osiyoning eng yaxshi me`morlari to`plangan ushbu kentda jahon me`morchiligida yangi yo`nalish – Sharqona uslub paydo bo`ldi.

Amir Temur, shuningdek, mamlakatda ma`naviyatning qo`llab-quvvatlanishi, yuksalishi va o`tmish davrlarning oliy an`analari tiklanishi uchun shart-sharoit yaratdi. Temuriylar sulolasi vakillarining ma`naviyat va madaniyatga alohida e`tibori tufayli XIV-XVI asrlarda yuksak ilmiy va ijodiy yutuqlarga erishildi.

Mashhur nemis tarixchisi F. Shlosser sohibqiron haqida «Temurning davlatni boshqarishdagi donishmandligiga, uning axloqi va siyosiy prinsiplariga qoyil qolish kerak», deb yozgan edi.

    Boshqa yangiliklar