Koronavirus pandemiyasi tufayli dunyo mamlakatlari boshiga tushgan sinov yurtimizni ham chetlab o`tmadi. Shunday vaziyatda aholining qiyinchiliklarni birdamlik bilan engishga harakat qilishayotgani e`tiborga molik. Ayniqsa, ushbu infeksiya tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat`iy choralar ko`rilmoqda. Bunda tibbiyot xodimlari matonati va fidoyiligi alohida e`tiborga molik.
Ularning koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarimiz sog`ayib ketishlari yo`lidagi mislsiz g`ayrati tufayli yana 19 nafar bemor darddan butunlay forig` bo`lishdi. Tuzalganlar Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov va boshqa mas`ullar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatishdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Darhaqiqat, qahramon shifokorlarimizning bilimi va tajribasi tufayli koronavirus infeksiyasiga chalinganlar orasida o`lim ko`rsatkichlarining minimal darajada bo`lishi va aksincha, sog`ayganlarning maksimal darajada bo`lishiga erishilmoqda. Natijada, ayni paytda sog`ayganlar 61 nafarga etdi.
Bu kabi samarali natijalarga erishishda, avval xabar qilganimizdek, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, shuningdek, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya kabi qator davlatlarning nufuzli mutaxassislari tavsiyalaridan foydalanilayotgani, bundan tashqari, yurtimizning pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog kabi etuk mutaxassislari bilan telemuloqot o`rnatilib, zarur tavsiyalarni olishayotgani, ularni bir jamoa bo`lib faoliyat ko`rsatishayotganligi ana shunday ijobiy yutuqlarni qo`lga kiritishda muhim omil bo`lmoqda. Quvonarli jihati, shifokorlarimiz mahorat va fidoyiligi koronavirus infeksiyasini samarali davolash mumkinligini isbotlamoqda.
Har gal darddan forig` bo`layotgan insonlar quvonchi esa qahramon tibbiyot xodimlariga kuch-g`ayrat, ishtiyoq bag`ishlamoqda. Eng muhimi, ushbu xushxabarlar dunyoni tahlika solayotgan koronavirus infeksiyasi bilan samarali kurashish mumkinligi, hatto g`olib bo`lish imkoni boriligini ko`rsatmoqda. Bunda esa hal qiluvchi zarbani berish, shubhasiz, tibbiyot xodimlarini zimmasidagi ulkan mas`uliyatdir. Qahramonlarimiz esa ushbu vazifani sharaf bilan uddalashmoqda, deb bemalol aytishimiz mumkin.