Buxoro va Xorazmda 19 nafar bemor davolanib, reabilitasiyaga kuzatildi. Bu haqda SSV xabar qildi.
So`nggi kunlarda koronavirus infeksiyasiga chalinayotganlar soni sezilarli darajada pasayib borayotgani, shuningdek, tuzalayotgan bemorlarning soni esa o`sib borayotgani barchamizni quvontirishi tabiiy. Buning zamirida esa yurtimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangandan to hozirgi kungacha fidoyilik bilan mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlarining alohida o`rni bor.
Matonat bilan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarining navbatdagi g`alabasi: Buxoro viloyatidan yana 15 nafar, Xorazm viloyatidan esa 4 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butkul sog`aydi. Ular viloyat sog`liqni saqlash boshqarmalari mas`ullari ishtirokida reabilitasiyaga kuzatildi.
Buxoroda shifo topganlarning 7 nafari Rossiyadan, 4 esa Turkiyadan charter reyslar orqali viloyatga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ulardan 11 nafari erkak, 4 nafari ayol. Bemorlarning 6 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Buxoro va 2 nafari Surxondaryo viloyatidan bo`lsa, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Samarqand, Andijon va Sirdaryo viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 54 yoshda bo`lsa, eng yoshi kichigi 16 yoshda.
Buxoro viloyati bo`yicha shu paytga qadar 68 nafar bemor sog`aygan bo`lsa, endilikda ular 83 nafarga etdi.
Xorazm viloyatida esa tuzalganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan kelishgan, koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Ulardan 3 nafari ayol, 1 nafari erkak bo`lib, 2 nafari Buxoro viloyatidan, Samarqand va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 45 yoshda bo`lsa, eng yoshi kichigi 27 yoshda.
Xorazm viloyatidan ayni paytga qadar 10 nafar bemor butkul sog`aydi.
Hozirda mamlakatimiz bo`ylab koronavirus infeksiyasidan sog`aygan bemorlar 293 nafarni tashkil etmoqda.