Yoz mavsumida yurtimizda mavjud sanatoriylarda oilaviy dam olishni rejalashtirayotgandik. Onamning oyoqlari og`riydi. Ana shu sabab yurtimizdagi mavjud sanatoriylar ixtisoslashuvi va davolanish narxlari haqida ma`lumot bersangiz.
R.Shuhratova, Toshkent viloyati
O`zbekiston Kasaba uyushmalari Federasiyasi kengashi qoshidagi Sanator-kurortlar boshqarmasi tasarrufidagi sanatoriylarning narxlari, manzili va qaysi kasalliklarga ixtisoslashganligi haqida ma`lumotlarni e`tiboringizga havola etamiz.
Sog`lomlashtirish muddati 12 kun bo`lgan sanatoriylar
"Abu Ali Ibn Sino sanatoriyasi" – Samarqand viloyatining Nurobod tumanida joylashgan. Sanatoriy kardiologiya, harakat-tayanch, nevrologiya kasalliklari bilan og`rigan bemorlarni qabul qilishadi. Sanatoriyda davolanish narxi - 752 100* so`mni tashkil qiladi.
"Botanika" sanatoriyasi- iqlimli va balneologik kurort kurort, Toshkent shahridan 30 km masofada, Tyan-Shan tog`i etaklarida, dengiz sathidan 570 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi kontinental. Xlorid-natriyli suvlar yurak-qon tomirlari, asab tizimlari, oshqozon-ichak yo`llari faoliyatini yaxshilashga ko`maklashadi va arterial qon bosimi ko`tarilishini oldini oladi. Sanatoriyda davolanish - 1 175 760 so`mni tashkil qiladi.
"Bo`ston" sanatoriyasi - Toshkent shahridan 30 km uzoqlikda "Zax" kanali sohillarida, dengiz sathidan 450 km balandlikda joylashgan. Sanatoriy yurak-qon tomir kasalliklari, harakat-tayanch a`zolari, nevrologik, ginekologik va urologik kasalliklarni davolash uchun etarli manbalarga ega. Sanatoriyda nafas yo`llarini davolash uchun galokameralar ochilgan, ularni jihozlash uchun Surxondaryo viloyatining tuz g`orlari kristallari ishlatilgan. Bu erda 1 o`rin uchun 867 215 so`m to`lanadi.
“Kosonsoy” sanatoriysi- harakat-tayanch, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak a`zolari va asab tizimi kasalliklarini davolash uchun mo`ljallangan ushbu maskan Namangandan 30 km uzoqlikda, Chotqol tizmasi tog`i yonbag`rilarida, Kosonsoy daryosi hudadlarida joylashgan. Sanatoriyda dam olish 696 900 so`mni tashkil qiladi.
"Qashqadaryo sohili" sanatoriyasi– iqlimiy, balneologik kurort Qashqadaryo sohillarida, dengiz sathidan 600 metr balandlikda joylashgan. Kontinental iqlim, issiq qish, yoz, toza havo surunkali kasalliklarni, ovqat hazm qilish organlari, nevrologiya, kardiologiya, ginekologiya kasalliklarini davolashga yordam beradi. Qo`shimcha davolash omili sifatida organik moddalarni o`z ichiga olgan xlorid-sulfat-kalsiyli mineral suv sanaladi. Sanatoriyda davolanish narxi 826 620 so`mni tashkil qiladi.
“Oltinsoy” sanatoriyasi– Navoiy viloyatida, Navoiy shahridan 80 km uzoqlikda joylashgan. Mahalliy hududning balandligi dengiz sathidan 400 m balandlikda joylashgan. Bemorlarni davolashda 160 dan 250 metrgacha chuqurlikdan olingan ma`danli suv ishlatiladi. 1982-1984 yillarda bu erda 7 ta quduq mavjud. Suv tarkibida quyidagi mikroelementlar: radon, ftor, margimush, selen, marganes, mis, sink va boshqa moddalar mavjud. Sanatoriyda davolanish narxi 603 175 so`mni tashkil qiladi.
"Sitorai Moxi Xosa" sanatoriyasi– iqlimiy va balneologik kurort, Zarafshon daryosi vodiysida, dengiz sathidan 500 metr balandlikda joylashgan, Buxoroning shimolida, o`tgan asrda qurilgan Buxoro amirining yozgi saroyi hududida joylashgan.
Sanatoriyaning tabiiy davo omillari – iqlimi va termal sulfat –xloridli natriyli mineral suv buyrak, asab tizimi, harakat-tayanch va oshqozon organlari uchun davo. Sanatoriyda davolanish narxi 845 710 so`mni tashkil qiladi.
“Turon” sanatoriyasi- Toshkent shahrida joylashgan yurak-qon-tomir a`zolari, asab tizimi, andrologik va ginekologik kasalliklari bo`lgan bemorlarni davolashga va sog`lomlashtirishga ixtisoslashtirilgan maskan. Miokard infarkti bo`lib o`tgan bemorlar uchun salomatlikni tiklash bo`limi ishlab turipti.
Davolash omillariga: iqlim bilan davolash, kam minerallashgan xlorid-gidrokarbonat-sulfat-natriyli va radionli ma`danli vannalar, balchiq bilan davolash kiradi. Bu erda davolanish narxi 981 985 so`mni tashkil qiladi.
"Umid Gulshani" sanatoriysi- Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan bo`lib, ushbu shifo maskanida ekstragenital, andrologik, endokrin, asab tizimi, terapevtik kasalliklar, shuningdek, erkak va ayollar bepushtligi samarali davolanib kelinadi.
Faoliyati yuzasidan sanatoriya Markaziy Osiyoda yagona hisoblanib, unda mamlakatimiz aholisidan tashqari boshqa davlatlardan ham fuqarolar kelib davolanishadi. Sanatoriyda davolanish narxi 798 100 so`mni tashkil qiladi.
“Xonqa” sanatoriyasi– zamonaviy arxitektura loyihasi asosida qurilgan yangi balneologik kurort. Bu erda asab, yurak-qon tomir tizimi, ginekologik, tayanch-harakat apparatini davolash yuqori darajada yo`lga qo`yilgan. Davolash xonalari zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Yod, brom va boshqa mikroelementlar bilan boyitilgan mineral chashma bemorlar uchun tabiiy shifokor vazifasini o`taydi. Bu erda davolanish narxi 811 210 so`mni tashkil qiladi.
“Chinobod” sanatoriyasi- Toshkent shahridagi balneologik balchiqli kurort. Davolanish uchun ko`rsatmalar: ovqat hazm qilish a`zolari kasalliklari remissiya bosqichida, ginekologik kasalliklar, qandli diabet.
Asosiy tibbiy davo omillaridan: Toshkent artezian hovuzining termal (+51 C) madanli suvi, xlorid-gidrokarbonatli natriyli suvlari, Baliqli ko`lining balchig`ini ko`rsatib o`tish mumkin. Ushbu maskanda davolanish narxi 952 200 so`mni tashkil qiladi.
“Chortoq” sanatoriysi– balneologik va iqlimiy kurort, Chortoq-soy dengizi bo`yida Namangandan 25 km uzoqlikda, dengiz sathidan 650 m balandlikda joylashgan.
Davolash omillari sifatida – yod-brom va boshqa mikroelementlar bilan to`yingan termal mineral suvlar, balchiqlar ishlatiladi. Harakat-tayanch, kardiologiya, terapevtik, nevrologiya, ginekologiya kasalliklari uchun mo`ljallangan. Bu erda davolanishning minimal narxi 816 500 so`mni tashkil qiladi.
“Chimyon” sanatoriyasi- Pomir-Oloy tog`larining bir qismi bo`lgan Qatron tog` etaklarida Farg`ona viloyat Farg`ona tuman Chimyon qishlog`ida joylashgan sanatoriyning davolash usuli, asosan, oltingugurt-vodorodli ma`danli suv bilan vanna qabul qilishdir. Chimyon tabiiy suvining har bir litrida 330 mg oltingugurtvodorod mavjud bo`lib, u inson tanasidagi yurak va qon tomir tizimi, harakat va tayanch a`zolari, asab tizimi, oshqozon-ichak tizimi va boshqa kasalliklarni davolaydi. Bunday noyob suv faqat Sochi sanatoriylarida uchraydi, xolos. Bu erda bir o`rinli bir xona narxi 722 775 so`mni tashkil qiladi.
Sog`lomlashtirish muddati 10 kun bo`lgan sanatoriylar
“Zomin” santoriyasi- Sanatoriy tuman markazidan 50 km uzoqlikda, Jizzax viloyatidagi iqlimiy kurort, Turkiston tog`-tizmasining shimoliy etaklarida, dengiz sathidan 2000 m balandlikda, qo`riqxona hududida archazorlar orasida joylashgan. Shu tufayli havoda atmosfera bosimi nisbatan past, kislorod va quyoshdan kelayotgan ultrabinafsha nurga boyligi aynan yuqori nafas yo`llari va asab tizimi kasalliklariga bog`liq bo`lgan bemorlar uchun juda foydali bo`lganligi sababli yuqoridagi qayd qilingan bemorlarni davolashga moslashgan. Bu erda 1 kishi uchun davolanish narxi 750 950 so`mni tashkil qiladi.
“Oq-tosh” sanatoriyasi- Toshkent shahridan 65 km masofada joylashgan tog`- iqlimiy kurort. Xududi keng bargli o`rmonzorlar bilan o`ralgan bo`lib, undan Oq-tosh va Ayubsoy tog` daryolari oqib o`tadi.
Davolash omili – musaffo tog` havosi, daryolardan keladigan tabiiy gidroionlanish nafas a`zolarining tuberkulyozga aloqador bo`lmagan nospesifik kasalliklarini sog`lomlashtirishda samarali ta`sir qiladi. Sanatoriyda davolanish narxi bir kishi uchun 615 710 so`mni tashkil qiladi.
*Narxlar xonalarning qulayligiga, nechta o`rinligiga qarab farqlanadi. Yuqorida ko`rsatilgan narxlar bir kishi uchun to`lovni o`z ichiga oladi.
Laylo RUSTAMOVA tayyorladi