Xalqimizda “birovning haqi, baloning o`qi” degan gap bor. Bu — odam bolasining misqollab yiqqan mol-dunyosi faqat o`ziga buyuradi, birovning moli-joniga qasd qilib unga ega chiqmoqchi bo`lganlar bir kunmas-bir kun halqumdan ilinib, sharmandayu sharmisor bo`ladi, deganidir.
Jinoyatning mash`um xalqasi
Inson qirq yoshida qiyomiga etadi, deydilar. Bizning hikoyamiz bosh qahramoni Bahodir Siddiqov esa, yoshi allaqachon qirqni qoralasa-da, hayotning asl mazmun-mohiyatini tushunib etmadi. Garchi ilgari ham sudning qora kursisiga ikki bora o`tirib, peshonasi devorga urilgan esa-da, xatolaridan to`g`ri xulosa chiqarmadi. Aksincha jinoyat ko`chasidagi “sarguzashtlarini” davom ettirishdan charchamadi.
Xalq naqlida aytilganidek, “egrini yo`l, bukrini go`r tuzatar” ekan. Halol mehnat qilib, to`g`ri yo`lga kirish o`rniga atrofiga o`ziga o`xshagan, haromdan hazar qilmaydigan kimsalarni jamladi. Ko`p o`tmay, uning boshchiligida Toshkent viloyatida tug`ilgan Doniyor Qo`chqorov, keyinchalik esa Marat Ergashev, Temur O`rinboev, Ulug`bek Yusufjonov, Mirsardor Mirhaytov hamda Diana Ahmedovadan iborat jinoiy halqa yuzaga keldi.
Albatta bu guruhning jinoiy kirdikorlari tafsilotlarini ikki-uch sahifalik maqolada sig`dirishning iloji yo`q. Shu bois, ular sodir etgan qabih ishlarning ayrimlari haqida to`xtalib o`tsak.
Bir kechada 3 400 000 so`m
Guruh o`z ishini puxta bilar, uning har bir a`zosi o`ziga topshirilgan vazifani sidqidildan ijro etardi. Qaysi uyda kim yashaydi, xonadon egalarining daromadi qancha, bu uydan nimani olib chiqib ketsa bo`ladi – barchasini ipidan ignasigacha o`rganib, keyin maqsadga ko`chishardi.
Jinoiy guruh anchadan beri Toshkent shahar Yunusobod tumani Islomobod mahallasidagi uylardan birini ko`z ostiga olib yurishardi. Bahodir bu uydan nimadir o`marib chiqishi mumkinligiga aniq ishonch hosil qilgach, o`z sheriklari bilan shu uyga o`g`irlikka kirishga qaror qildi. Olingan ma`lumotlarga ko`ra, xonadon egasi topgan-tutganini uyning birinchi qavatidagi mehmonxonada saqlarkan.
20 sentyabr kuni Bahodir eski sheriklaridan biri Doniyor Qo`chqorov bilan mazkur xonadonga o`g`irlikka kirishdi. Pul yashiringan joyni topish ham uncha qiyin kechmadi. Hamtovoqlar mo`maygina o`lja bilan bu xonadonni tark etishdi. Bexatarroq joyga borib sanab ko`rishdi: 3 400 000 so`m! Bu pulni topish uchun xonadon egasi qancha kunlarni tunlarga ulab ter to`kkandir? Biroq, Bahodir va uning sherigi bu pulni bir kechada, yanayam aniqrog`i bir necha soatda qo`lga kiritishdi.
Ishtaha osh ustida keladi
2012 yilning 11 oktyabrga o`tar kechasi, qoq yarim tunda ikki shovvoz B.Siddiqov va D.Qo`chqorov Olmazor tumanidagi Moyariq mahallasida paydo bo`lishdi. Avvaldan ko`z ostiga olingan xonadonga o`zlariga ma`lum bo`lgan usulda kirishgach, darvozaxonada turgan “Epika” avtomashinasiga “qo`l” solishdi. Mashina o`z uyida turganiga ishonch hosil qilgan xonadon sohibi uning eshigini ham, oynasini ham berkitmay, mast uyquda yotardi.
Uy ichiga kirishdan ko`ra mashinani tintib, qo`lga ilingani bilan kifoyalanishni ko`zlagan o`g`rilarning taxmini to`g`ri chiqdi. Mashinadan 150 AQSh dollari va 50 ming so`m pul chiqdi. Ikki hamtovoq shu o`ljaga qanoat qilishdimi, bu xonadonni ham tark etishdi.
Oradan uch kun o`tib, ular yana bir “yog`li joy”ni kashf etishdi. Bu gal ular poytaxtning Alp Jamol ko`chasiga yo`l olishdi. Yashirincha uyga kirib olgan Bahodir va Doniyor atrofga olazarak ko`z yugurtirgancha, qo`lga ilingulik o`lja izlashga tushishdi. Izlanishlar besamar ketmadi. Javonda turgan vazalarning qimmatbaho ekani bir qarashda ko`zga tashlanardi. “Ie, mana bu erda planshet ham yotgan ekan. Kiyim shkafidagi manavi kiyim-kechaklarni ham yaxshigina pulga sotsa bo`ladi”.
Ular yanglishmagan edi. Vazalar “Bogemiya” shishasidan ishlangan bo`lib, jami 450 dollar turarkan. “Ayped-2”ning ham bozor narxi 600 dollardan kam emasdi. Xullas, “kutilmagan tashrif” xonadon sohibiga oz emas-ko`p emas, 5 million 617 ming so`mga tushdi.
Shu taxlit Bahodir o`zining sinashta sherigi Doniyor bilan yana bir qancha jinoyatlarni sodir etdi. Xususan, noyabr oyi boshlarida Uchtepa tumanidagi uylarning biriga g`ayriqonuniy kirib, u erdan 4 million 662 ming so`mlik buyumlarni o`g`irlab ketishadi. 10 noyabr kuni esa Olmazor tumani Birlik ko`chasida istiqomat qiluvchi fuqaroning uyidan 14 million so`mlik tilla buyumlarni o`marishdi.
Baroridan kelmagan “ov”
Albatta, bunday “ovlar” hamisha baroridan kelavermaydi. Ana shunday hodisa 24 noyabr kuni yuz berdi. Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Alijon aka tongga yaqin hovlida nimaningdir taraqlaganini eshitdimi, uyg`onib ketdi. Hovliga chiqqanida uy eshigi oldida turgan notanish sharpaga ko`zi tushib, uyqusi uchdi.
— Kimsan? – qichqirdi uy egasi. – To`xta! Sen... haligi o`g`lim Olimjonning o`rtog`imasmisan?
Yo`q, Alijon aka yanglishgandi. U o`g`lining o`rtog`i emas, balki shu paytgacha qancha uylarni shipshiydam qilib yurgan Doniyor Qo`chqorov ekanini u keyinroq bildi. Doniyor doimiy sherigi bilan kutilmagan vaziyatlarga ham hozirlik ko`rib kelishgandi. Shu zahoti uy egasining qo`lini qayirib, qo`lidagi “elektroshok” bilan unga tazyiq o`tkazdi.
Alijon aka baqirmoqchi bo`lganida bosqinchining sherigi — Bahodir Siddiqov qo`lida allaqanday temir jism bilan yugurib chiqdi. Alijon aka boshiga tushgan zarbadan ko`z oldi qorong`ilashib ketdi. Garchi bosqinchilarning ustma-ust zarbalari uni esankiratib qo`ygan bo`lsa-da, Alijon aka ularga munosib qarshilik ko`rsatishga harakat qildi. Shovqin-surondan uy egalari uyg`onib ketishdi. Keyin qo`ni-qo`shnilar yordamga oshiqdi.
Vaziyat kutilmagan tarafga o`zgarganini ko`rgan Bahodir sherigini tashlab, o`zini duch kelgan tomonga urdi....
Yangi sherik, yangi rejalar...
Ha, Toshkent katta shahar. Bir kunda qancha mehmon kelib, ketadi, qancha yo`l-transport hodisasi sodir bo`ladi. Yana qanchadan-qancha mayda qonunbuzilishlar, huquqbuzarliklar qayd qilinadi. Buning hammasi katta shaharda bo`lib turadigan ikir-chikirlar.
Ammo Bahodir Siddiqov boshliq jinoiy guruh tomonidan sodir qilingan o`g`irlik jinoyatlariga o`z vaqtida huquqiy baho berilmasligi jinoiy guruhning faollashishiga olib kelgan. Shundan so`ng ular kasb qilib olgan o`g`irlik jinoyatlari qatoriga talonchilik va bosqinchilik singari qabih ishlar ham qo`shila boshladi. Shu bois ham jinoiy guruh bir kechada shahardagi ikki-uchtalab xonadonga kirib, qo`lga ilinadigan buyumlarni, pullarni istagancha o`g`irlab ketavergan.
Ishonchli sherigi Doniyor Qo`chqorov qo`lga tushganidan so`ng, Bahodir o`ziga yangi sheriklar izlashga tushdi. Ko`r ko`rni qorong`ida topibdi, deganlaridek, bu gal unga 1993 yilda Toshkent viloyatida tug`ilgan Marat Ergashev ro`para keldi. May oyining o`rtalarida Bahodir yangi sherigi Marat bilan Zangiota tumani Ahmad Yassaviy qishloq fuqarolar yig`iniga qarashli bir xonadonga o`g`irlikka tushishdi. Hovliga kiraverishda yap-yangi “Spark” avtomashinasi turardi. Sheriklar mashina salonini ochishganida, u erda ikkita “Kenvord” rusumli tovush chiqaruvchi moslama, bitta ovozkuchaytirgich turardi. Xullas, ikki talonchi bu xonadondan ham bir yarim million so`mlikdan ziyod ashyolarni ko`tarib, gum bo`lishdi.
Haromda halovat bo`lmaydi
Sheriklar bir muddat “dam olishgach” Zangiota tumani hududidagi Yunusobod qishloq fuqarolar yig`ini tomon yo`l olishdi. Bu galgi “ov” ham ularga yaxshigina foyda keltirdi. Shuhrat akaning xonadonida turgan mashina salonidan 250 ming so`m pul va zarur dori-darmonlarga to`la “aptechka”, bir million so`mlik televizor, yangi ko`rpa-yostiqlarni ko`targancha o`z oshiyonlariga ravona bo`lishdi.
Avgust oyida shu tumandagi Qizg`aldoq qishloq fuqarolar yig`ini hududida yashovchi fuqaroning uyidan 4 million so`mlik buyumlar, hovlida turgan avtomashina ichidan 2 million so`mni olib, juftakni rostlab qolishadi.
Harom luqmaning halovati bo`lmaydi. Ayniqsa, o`g`rining egan-ichgani ichiga tushmaydi. Mazkur jinoiy guruh har bitta o`g`irlik sodir qilgandan so`ng, ma`lum bir muddat tanaffus qilishni odat qilib olishgandi. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning harakatini esa zimdan kuzatib turishgan. Hech kim ta`qib qilmayotganiga ishonch hosil qilgandan keyingina navbatdagi jinoyatga kirishishardi.
Ular 15 dekabr kuni shu tumandagi Chig`atoy-Oqtepa qishloq fuqarolar yig`iniga qarashli uylardan 6 yarim millionga yaqin mol-mulkini o`marib ketishadi.
Davomi bor...
Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyati Qibray tumani sudining materiallari asosida
Jo`ra Boborahmat tayyorladi





