Avval xabar qilinganidek, bugun, 24 iyul O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tavallud topgan kuni.
Ayni daqiqlarda ijtimoiy tarmoqlarda o`z yurtboshini tabriklab ko`plab fuqarolar dil so`zlar bildirmoqda. Yana kimlardir, bugun qo`lini duoga ochib davlat rahbariga sog`lik-salomatlik so`ramoqda. Bizga ham har doimgidan o`zgacha maktub keldi. Unda Qashqadaryo viloyatidan uch nafar insonning Prezident Shavkat Mirziyoevga atalgan dil so`zlar aks etgan. Keltirilishicha, ushbu fuqarolarga Prezident tomonidan g`amxo`rlik ko`rsatilib, ijtimoy yordam berilgan.
Quyida vohalik soddaqalb uch insonning Yurtboshiga atalgan tabrik va tilaklarini keltiramiz.
"Mening armonlarimni umidga aylantirdingiz..."
Muhtaram Prezidentim! Sizni tavallud ayyomingiz, muborak 63 yoshingiz bilan chin yurakdan tabriklayman!
Men, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Yangi Mirishkor mahallasi O`zbekiston ko`chasi 16-uyda yashovchi boquvchisini yo`qotgan, yolg`iz ona Rajabova Saida Ortiqovnaman. Men, bugun Sizning shunday quvonchli kunlaringizda Sizga Yaratgandan mustahkam sog`lik, uzoq umr va o`zingiz boshlagan xayrli ishlar saodatini xalqimiz bilan birga baham ko`rish kabi eng ezgu istaklarimni tilayman.
Men, yolg`iz ona sifatida qaramog`imdagi ikki nafar voyaga etmagan farzandimni ona Vatanga sadoqat, shukronalik, halollik kabi to`yg`ular bilan voyaga etkazmoqdaman. Taqdiri azal peshonamizga turmush o`rtog`imni ko`p ko`rdimi, turmush o`rtog`im 2008 yilda surunkali og`ir kasallik bilan bevaqt vafot etdilar.
Muhtaram Prezidentim! Siz o`z ish faoliyatingizni odamlarni hayotdan rozi qilish shiori ostida boshlaganligingiz, men kabi muqim uy joyi bo`lmagan va boquvchisini yo`qotgan oilalarning yuragidagi orzu armonlarini umidga aylantirdi.
Menga joriy yilda O`zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Federasiyasi homiyligi ostida xususiy mulk sifatida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib 3 xonali uy sovg`a qilishdi. Shu lahzalardagi men va bolalarimning quvonch kuzyoshlarini so`z bilan ta`riflashning imkoni yo`q.
Muhtaram xalqparvar yurtboshim Shavkat Miromonovich!
Ilohim Sizni va O`zbekistonimizni yaratgan Ollohim o`z panohida asrasin. Bu sinovli kunlar ham o`tadi. Hech shubhasiz, O`zbekiston xalqi o`zi saylagan va o`zi tanlagan yo`lboshchisi bilan birgalikda baxtli, dorilomon kunlarga albatta etadi. Ha, Siz o`zingiz aytganingizdek, bu sinovlar barchamizni toblaydi, kuchli qiladi va bir maqsad yo`lida birlashtiradi.
Yana bir bor tavallud ayyomingiz muborak bo`lsin, xalqimiz baxtiga doimo sog`-omon bo`ling! Mirishkorliklar hamisha Siz bilan!
Sizga hurmat bilan!
Rajabova Saida Ortiqovna
Siz “maktab”ga maktabni qaytardingiz..
Men joriy yil o`quv mavsumida 21-sonli maktabning 11-sinfini “Oltin medal” bilan tamomladim. Bu mening katta hayot ostonasidagi unutilmas onlarim va ustozlarim mehnatining samarasi mahsuli edi.
Siz millat kelajagini o`ylab, xalq ta`limi tizimida “maktab”ga maktabni qaytardingiz.. Ayniqsa, biz kabi bitiruvchi yoshlar uchun oltin medalni mustaqil O`zbekiston Respublikasi tarixida qaytadan “oltin” va “kumush” medallarni joriy etilishi biz yoshlar yuragini olamshumul hayajonga to`ldirdi.
Bu islohotlar uchun Muhtaram Prezidentim Sizga, butun tengdoshlarim, shu qatorda olis Mirishkor tumani yoshlari nomidan cheksiz minnatdorchilik bildiraman. Siz hamisha butun O`zbekiston yoshlarni otalarcha g`amxo`rlik bilan siylaysiz. Biz yoshlar hamisha boshimizda mehribon, g`amxo`r va jonkuyar bir qo`l borligini his qilamiz va buni idrok etamiz.
Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Miromonovich!
Baxtimizga doimo salomat bo`ling! Tavallud ayyomingiz muborak bo`lsin! Men va tengdoshlarim sizni ishontirib aytamizki, Sizning bizga ko`rsatayotgan e`tiboringiz, g`amxo`rligingiz va ishonchingizni o`z bilim va tafakkurimiz, g`ayrat va shijoatimiz hamda vatan oldidagi burch va sadoqatimiz bilan oqlaymiz!
Hurmat bilan farzandingiz:
Mirishkor tumanidagi 21-sonli umumiy
o`rta ta`lim maktabi bitiruvchisi
Choriev Baxtinur
"Biz doimo sizning mehr taftingizni sezib yashayapmiz"
Muhtaram Prezidentim! Sizni tavallud ayyomingiz, muborak 63 yoshingiz bilan chin yurakdan tabriklayman!
Men, boquvchisini yo`qotgan ehtiyojmand oila sifatida qaramog`imdagi besh nafar farzandimni voyaga etkazmoqdaman. Turmush o`rtog`im og`ir kasallik bilan olamdan o`tdilar.
Muhtaram Prezidentim! Siz o`z ish faoliyatingizni odamlarni hayotdan rozi qilish shiori ostida boshlaganligingiz, men kabi boquvchisini yo`qotgan, extiyojmand oilalarni doimo e`tiborda saqlaganingiz o`zi xam bizga kuch va dalda beradi.
Menga joriy yilda Siz tomoningizdan ilgari surilgan “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakati doirasida 1 mln 700 ming so`m naqd pul mablag`i, 4 marotoba 7 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va "Tomorqa er egalarini qo`llab-quvvatlash va aholi bandligini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida" gi 2020 yil 18 maydagi PQ-4716-sonli qaroriga asosan Bandlikka ko`maklashish davlat jamg`armasi mablag`lari hisobidan subsidiya ajratish hisobiga 7 mln so`m mablag` hisobiga bepul issiqxona qurib berildi.
Bu uchun Sizga katta minnatdorchilik bildiraman, shunday bir olis tumanning chekka qishlog`ida yashovchi ehtiyojmand bir oilaga ko`rsatilgan bunday yordam sizning naqadar xalqparvar Yurtboshi ekanligingizning yaqqol isbotidir.
So`zim yakunida yana bir bor tavallud ayyomingiz bilan muborak bod etaman, xalqimiz baxtiga doimo sog`-omon bo`ling! Biz doimo sizning mehr taftingizni sezib yashayapmiz.
Sizga hurmat bilan!
Elamonova Mahkamtosh
Qashqadaryo viloyat Mirishkor tuman,
Oqmachit qishlog`i
Mavzuga doir:
Uch davlat rahbari Shavkat Mirziyoevni tabrikladi
Putin Shavkat Mirziyoevni tabrikladi