AsosiyJamiyat

Yana ikki qurbon: Toshkentda 64 yoshli ayol va 34 yoshli homilador ayol koronavirusdan vafot etdi

'Yana ikki qurbon: Toshkentda 64 yoshli ayol va 34 yoshli homilador ayol koronavirusdan vafot etdi'ning rasmi

O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirligi 25 iyul kunining so`nggi soatlarida koronavirusdan vafot etgan ikki ayol haqida xabar berdi. 

Xabarga ko`ra, ikkala ayol Toshkent shahridan. 64 yoshli M.S. Shayxontohur tumanida yashagan.  13–18 iyul kunlari Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi kardiologiya bo`limida davolangan.

18 iyul kuni unda “COVID-19” tasdiqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi reanimasiya bo`limiga yotqizilgan. Unga “COVID-19” infeksiyasining o`ta og`ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan. Xastalik o`tkir nafas etishmovchiligi, zo`riqish stenokardiyasi, terminal o`pka va bosh miya shishi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemor bosh miya qon aylanishining o`tkir buzilishidan (insult) so`nggi holat, yurak ishemik kasalligi, miokard infarktidan so`nggi kardioskleroz, gipertoniya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og`rigan.

Bemorga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultasiya va konsiliumlar o`tkazilgan, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilgan. Ammo bemorning ahvoli keskin og`irlashgan va yurak qon-tomir etishmovchiligi, saturasiya ko`rsatkichi pasayib borishi, nafas olishining qiyinlashuvi bo`yicha mutaxassislar tomonidan o`tkazilgan reanimasion muolajalarga qaramay, u o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligi, terminal o`pka shishi hamda bosh miya shishidan vafot etgan.

34 yoshli B.M. Olmazor tumanida yashagan. Unda 5 iyul kuni “COVID-19” tasdiqlangan va 6 iyul kuniga qadar u poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolangan.

6 iyul kuni bemor shahar 3-son tug`ruq kompleksiga o`tkazilgan. Unga “COVID-19” infeksiyasining o`ta og`ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo`yilgan bo`lib, kasallik o`tkir nafas va yurak etishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Bemorda 24 haftalik uchinchi homiladorlik bo`lgan va asoratlangan akusherlik anamnezi, kamqonlik kabi hamroh kasalliklar bilan og`rigan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli og`irlashib, mutaxassislar tomonidan to`liq hajmda, standart asosida o`tkazilgan reanimasion choralarlarga qaramay, o`tkir nafas va yurak qon-tomir etishmovchiligidan vafot etgan.

    Boshqa yangiliklar