Jurnalistlar orasida “Gazetny korpus” nomi bilan taniqli bo`lgan “Matbuot uyi”ga tutash oshxonalar buzib tashlanmoqda. Nima uchun? Bu er kimga kerak bo`lib qoldi? O`ta mustahkam qurilgan imoratlarni buzishdan maqsad nima? Bu binoga kirib chiqadigan jurnalistlar ham hayron. Ammo o`zlarini qiziqtirayotgan shu kabi savollarga javob topganlaricha yo`q, deyiladi Xolis fikrda.
Aytilishicha, buzilayotgan binolarda ilgari beshta oshxona joylashgan. Narx-navosi markazdagi boshqa oshxonalardan ancha arzon bo`lganligi sabab bu erga tamaddi qilish uchun nafaqat gazetchilar, balki hududdagi aksariyat idora va tashkilotlar xodimlari kelishgan. Hozirda beshta oshxonadan bittasigina ishlab, bittasi ijaraga berilgan. Qolganlari bo`sh qolib, ayniqsa, marosimlar o`tkaziladigan zal tashlandiq holga kelib qolgan.
"Tadbirkorlar bunga sabab sifatida “Matbuot uyi” shahar hokimligi balansiga o`tkazilgach, ijara narxining keskin ko`tarilib ketganini aytishadi. Yangi talabgorlarga esa oldingi qarzdorlikni to`lash majburiyati qo`yilgan emish. Modomiki, oshxonalar qarzga botib ketgan taqdirda ham bu tayyor imoratni buzishga asos bo`lolmaydi. Uni qayta ta`mirlasa yana uzoq yillar xizmat qilishi mumkin.
Ayrim gap-so`zlarga qaraganda, oshxonalar o`rnida supermarket qurilar emish. Ammo bu haqda aniq ma`lumot olishning imkoni bo`lmadi. Hududda qurilish pasportidan darak yo`q. Bu markazdagi qimmatbaho erlar yana imi-jimida o`zlashtirilayotganidan navbatdagi dalil. “Gazetny korpus” binosini qo`lga kiritish uchun bir necha marta urinishlar bo`lgandi. Buning uddasidan chiqa olmagan kuchlar navbatdagi hujumda uning poyini ishg`ol etishga jiddiy jahd qilishgan ko`rinadi. Bu ketishda ushbu hududda qadam tashlashga ham joy qolmaydiganga o`xshaydi.






