Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi va Davgeodezkadastr bilan Piza universiteti rahbariyati hamda mutaxassislari o`rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda Vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Tadbir O`zbekistonning Italiyadagi elchixonasi tomonidan Evropa Ittifoqi Erasmus + dasturining Toshkentdagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Uchrashuvda Toshkent shahrida Piza universitetining filialini tashkil etish loyihasi, shuningdek, karantin cheklovlarini hisobga olgan holda keyingi ishlarni muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Universitet rektori professor Paolo Mansarella Toshkent shahrida talabalar shaharchasini tashkil etish loyihasini amalga oshirishda O`zbekiston hukumati tomonidan ko`rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.
Shu bilan birga, rektor pandemiya bilan bog`liq sabablarga ko`ra, amaliy hamkorlikni masofaviy tarzda boshlashni taklif qildi.
Xususan, masofaviy hamkorlik doirasida o`zbekistonlik talabalarning onlayn tarzda tashkil qilinadigan tayyorlov kurslarida (Foundation Courses), keyingi bosqichda esa Piza universitetida tahsilni davom ettirishlarini yo`lga qo`yish ko`zda tutilgan.
O`zbekiston yoshlari Piza universiteti dasturiga muvofiq geologiya ixtisosligi bo`yicha geologiya, geodeziya, kartografiya va kadastr mutaxassisi bo`lib etishadi. Ushbu shakldagi tahsil allaqachon universitet bilan uning Luchcha shahridagi kampusi o`rtasida amalga oshirilmoqda.
Piza universiteti dasturi majburiy va ixtiyoriy fanlarni o`z ichiga oladi. Universitet O`zbekiston tomoni uchun qulay bo`lgan bir yillik tayyorlov kursi va 3 yillik bakalavr darajasi tahsilini birgalikda amalga oshirishga tayyor.
Masofadan o`quvchi talabalar Piza universiteti tinglovchilari hisoblanadi va barcha xizmatlardan, shu jumladan raqamli kutubxona, dasturiy ta`minot, o`quv serverlaridan foydalanishlari mumkin. O`qishni tugatgandan so`ng, ular xalqaro miqyosda tan olingan Italiya ta`limi diplomlariga ega bo`ladi.
Loyiha doirasida tajriba hamda fikr almashish uchun Italiya va O`zbekiston geologlari, geograflari o`rtasida muloqot va hamkorlikni yo`lga qo`yish taklif qilindi.
2020-2021 o`quv yilida loyihani boshlash to`g`risida kelishuvga erishilgan.