Iyul oyidan boshlab respublikamizning turli viloyatlari trassalarida haydovlilarni sergaklikka chaqiruvchi shovqin chiqaruvchi yo`l chiziqlari tajriba tariqasida chizilayotganligi haqida xabarlar paydo bo`ldi. Xayolimga birdan Toshkent shahrining katta chorrahalarida ham tajribadan o`tkazilib, ikki xaftaga borar-bormas nom-nishonsiz o`chib ketgan chorrahalarni tartibga soluvchi vafli chiziqlari keldi. Endi esa shovqin chiqaruvchi chiziqlar... Bu chiziqlar bizning sharoitlarimiz uchun qanchalik mos? Bu chiziqlar jahon tajribasida qanday qo`llaniladi? Iyul oyi boshidagi mavzuni oy oxirida yozayotganim sababini maqola davomida tushuntiraman.
Chorrahalardagi vafli chiziqlari haqida
Rossiya shaharlari chorrahalarida 2018 yildan boshlab chizila boshlangan bu chiziqlar. Chorrahadagi tirbandliklar, tartibsizliklarning oldini olish uchun chizilgan bu chiziqlar ustida qolib ketish mumkin emas. Uni zudlik bilan tark etish kerak. toshkentda chizilgan bu kabi vafli chiziqlarining vazifasini hali haydovchilar anglab etmasidan 10 kun ichida o`chib, nom-nishonsiz yo`q bo`lib ketdi. Bunga qancha mablag` ajratilgani haqida qancha mablag` ajratilganini bilmadimu, 1000 so`m ketgan bo`lsa ham, xavoga uchib ketdi.
Endigi navbat shovqin chiqaruvchi yangi yo`l chiziqlariga
Bu ham bir tajriba. Bu tajriba haqida xabarlar “bolalashi” bilan bir ensam qotgandi. Chunki Rossiya va boshqa Evropa shaharlarining haydovchilarni uxlatib qo`yish darajasidagi tekis, ravon yo`llarida bu chiziqlarning chizilishini tushunsa bo`ladi. Bizdachi?
Yaqinda Sardoba fojiasini yoritish maqsadida Sirdaryo viloyatiga jurnalistlar bilan press-turga yo`l oldik. Kun issiq. Menga mikroavtobusning eng orqa o`rindiqlaridan joy tekkan. Toshkent shahridan chiqishimiz bilan yo`llarning “yaxshi”ligidan mikroavtobusdagi “qatordoshlarim” bilan kim eng balandga sakrash o`yinini “o`ynab ketdik”. Ichki organlarimiz chappa bo`layotgani etmaganday, Toshkent viloyati yo`llarida chizilgan shovqin chiqaruvchi chiziqlarning mikroavtobus ichkarisiga berayotgan vibrasiyasi barchani jig`ibiyron qildi. Meni bir savol qiynay boshladi: Nega? Uxlab qolishga imkon bermaydigan g`adir-budur bu yo`llarning yana asabga teguvchi chiziqlarga ehtiyoji bor edimi? Yoki bundan kimdir manfaatdormi? Albatta bu chiziqlarni chizish uchun ketgan mablag`lar yana aytilmadi. Shu sababli Rossiya tajribasi bilan qiziqdim. Rossiyadan nashrlaridan birida keltirilishicha, bu chiziqlarni chizish uchun o`rtacha 100 000 rubl (taxminan 14 million so`m) sarflanar ekan. Demak, yaxshigina mablag`. Asabga tegmagani etmagandek, bu chiziqlar ham vafli chiziqlari kabi, qisqa muddatda o`chib, sarflangan mablag`lar uchib ketsachi?
Jahon tajribasida qanday?
To`g`ri, jahon tajribasiga yuzlansak, bu kabi kabi chiziqlar chizilishi bilan AQShda yo`l transport hodisalari natijasidagi o`lim darajasini pasaytirganini, Yaponiyada qarama-qarshi harakatlanib kelayotgan avtomobillar bilan to`qnashish xavfini 55 foizga kamaytirganini, Daniya, Shvesiya va Finlyandiyada ham shovqin chiziqlari bilan YTH sonining qisqarishiga erishilganini ko`rish mumkin. Lekin qani mantiq? Ular bilan bizning trassalarimiz sifatini taqqoslab bo`ladimi? Yo`llarmiz bunday chiziqlarga emas, bunday chiziqlar munosib yo`llarga ega bo`lishi kerak emasmi?
Yakuniy
YTH darajasini kamaytirish uchun qilish kerak ekan deb bizning sharoitlarimizni hisobga olmasdan xarajat qilinaveradimi? O`zini birgina “tajriba tariqasida” deya oqlab qo`yayotgan tashkilotlar biz to`layotgan soliqlar hisobidan mablag` sarflab, 10 kunda o`chib ketadigan yo`l chiziqlarini chizishdan oldin xalq fikrini inobatga olyaptimi? Nega sarflangan mablag` haqida aytmaysiz? Nega bu “tajriba” natijalari bilan ommani tanishtirmaysiz? Undan ko`ra yo`llarni to`g`irlang. Yo`l harakati qatnashchilarining yo`l harakati madaniyatini oshirishga jonbozlik ko`rsating. Ana kerak bo`lsa, yo`l harakati fanini maktab va bog`chalar dasturiga kirgizing, sizga natijali tashabbus kerak bo`lsa. Hamma ham fizika yoki biologiyani bilishi kerakmasdir, lekin hammamiz yo`l harakati qatnashchisimiz. O`zingizni ko`ratish uchun bunday oson yo`llarni tanlamang. Yillardan so`ng natijasini bersa ham, yo`llarda o`zini tutishni bilmaydigan ishtirokchilar uchun istiqboli bor tashabbuslar qiling. Shaxsan menga bu xarajatli va samarasiz tashabbusingiz yoqmadi.
Sardorbek Rahmonqulov