AsosiyJamiyat

“Pulim bor, nima qilsam foyda ko`raman” deganlar uchun tavsiya

'“Pulim bor, nima qilsam foyda ko`raman” deganlar uchun tavsiya'ning rasmi

Biror foyda ko`rish uchun yangi ish boshlash ham bir muammo. Tavakkalchilikdan qo`rqish, bozorda munosib o`rin egallash uchun tajribaning etishmasligi, bor puldan ham ayrilib qolish ehtimoli, xullas, o`ylagan sari to`siqlar ham chiqaveradi. Puli yo`qlik – bu alohida mavzu. Lekin pulingiz bo`la turib ham uni qanday to`g`ri yo`naltirish haqida o`ylab qolasiz. Sizni kutayotgan katta tavakkalchilik haqida o`yga tolasiz, “shunday bir ish bo`lsa-da, pul “tikib qo`yib” foydasini tinchgina olib yotsam” deysiz va mashina yoki poytaxtdan uy sotib olib ijaraga berishdan mo`mayroq daromad ko`rish fikri miyangizda aylanaveradi. Hisob-kitoblarga ko`ra fuqarolar bo`sh pul mablag`lariga uy yoki mashina olib ijaraga bergandan ko`ra bankka omonatga qo`ysa ko`proq foyda ko`rar ekan. Xo`sh, bu fikr qanchalik asosli? Ma`lumotlarni taqqoslash uchun kichik bir solishtiruv tajribasini o`tkazdik.

Deylik 30 ming AQSh dollar pulingiz bor (300 mln. so`m atrofida) va siz Toshkent shahridan ikki xonali uy olib ijaraga berdingiz. Oyiga nari borsa 300 dollardan (hozirgi paytda 3 mln. so`m atrofida) bir yilda 36 million so`mdan ko`proq daromad ko`rishingiz mumkin. Bunda uyingiz narxiga narx qo`shilaverishi mumkin. Lekin unga qilgan ta`mir ishlaringiz ham eskirib boradi va ijarachining uyingizni qanday saqlashi ham katta bir tavakkal.

Yoki bo`lmasam bu pulga 3-4  ta avtomashina sotib olib, uni ijraga berdingiz. To`g`ri, 3-4 ta boringki, 5-6 ta avtomashinadan oyiga 500-600 AQSh dollari foyda ko`rishingiz ham mumkin. Lekin vaqt o`tgani sayin avtomobillarning narxi tushib, texnik holati yomonlashib boraveradi.

Endi bank omonatlaridan keladigan foyda bilan qiziqamiz. 300 million so`mdan qancha foyda olish mumkin? Bu savol bilan Xalq banki Matbuot xizmati rahbari Yunus Bo`ronovga murojaat qildik.

Uning keltirishicha, bank omonati orqali 300 million so`mdan bir yilda 50 million so`m atrofida daromad ko`rishingiz mumkin ekan.

“Masalan, Xalq bankining “Progressive” omonat turini olsak, u mijozlar uchun har tomonlama qulay va daromadlidir. Omonat muddati 24 oy. Shu 24 oy ichida omonat bo`yicha foiz stavkalari 14% dan 26% gacha oshiriladi. Bu esa o`rtacha yillik 17,25% ga to`g`ri keladi. Bunda nafaqat 300 million so`m, balki siz cheksiz miqdordagi pul mablag`larini qo`yishingiz mumkin. Omonatga hisoblangan foizlar mijozning xohishiga qarab, oyma-oy to`lab ham beriladi. Vaqt bu safar sizning foydangizga ishlaydi”, - deydi Yunus Bo`ronov.

Demak, bank omonatlari bilan ishlash foydaliroq, qulayroq va ishonchliroqligi haqidagi fikr to`g`ri ekan. Tanlov esa o`zingizning qo`lingizda. Balki sizda bundan yaxshiroq g`oyalar bordir. Lekin tavakkaldan qo`rqadigan sarmoyadorlar uchun bu tavsiyamiz ayni muddao bo`ldi degan umiddamiz.

Sardorbek Rahmonqulov

    Boshqa yangiliklar