Adliya vaziri maslahatchisi va bloger Shahnoza Soatova o`zining telegram’dagi sahifasida oxirgi uch kunda 4 nafar yaqinlari vafot etganini ma`lum qildi. Bloger Qozog`istondagi kabi bizda ham pnevmoniya va COVID-19 bemorlari statistikasini birlashtirib, fuqarolarning tashxislash, davolanish hamda imtiyozli tibbiy yordam olishda huquq va imkoniyatlarini tenglashtirishni taklif qilmoqda. Jumladan u shunday yozadi:
“Oxirgi uch kunda qarindoshu tanishlardan to`rt kishi vafot etdi. Umrimda bunaqa oz fursatda ko`p o`lik xabarini eshitmagandim. Ularning birontasiga Covid-19 tashxisi qo`yilmadi, hatto ulardan test ham olinmadi. Lekin o`lim oldidan barchasining bir hafta, o`n kun isitmasi chiqdi, behol bo`ldi, kovidning u yoki bu simptomlari kuzatildi.
Bu tizimli hodisalar xulosasi nima? Odamlar nega, nima sababdan bunday ko`p o`lyapti? Nega bunaqa tez (10-12 kun ichida) o`lyapti? Kovid bo`lmasa, nima bu? Nega kovid tashxisi faqat test natijalariga qarab qo`yilyapti? Koviddan 100 ta odam o`ldi degan nima-yu, 1000 ta o`ldi degan nima?
Qo`shnilarga o`xshab kovid va noma`lum pnevmoniya statistikasini birlashtirib, bundan keyingi strategiyani shunga qarab qurgan ma`qul emasmi? Vahimasiz karantindan adekvat karantin bosqichiga o`tish davri keldi, chunki endi ma`lumotsizlik va ishonchsizlik ortidan vahima kelib chiqadi.
Odamlar karantinga rioya etib, uyda o`tirishini, karantin cheklovlarini to`g`ri qabul qilishini istasak, asl ahvolni ko`rsatish, o`limlar koviddanmi yo boshqa narsadanmi, qat`i nazar, aniq va ochiq aytish kerak”, deydi Shahnoza Soatova.






