Xabaringiz bor, «Sardoba» fojiasi munosabati bilan GoFundMe platformasida xayriya aksiyasi uyushtirilgan edi. Unda asosan xorijdagi o`zbeklar ishtirok etgan va jami 294 kishi ehsonga o`z hissasini qo`shgan. Saxovatli insonlar yordami bilan 19 ming 949 AQSh dollari yig`ilgan.
Bloger Xushnudbek bu pullarni hayriya sifatida qanday etkazish haqida ko`p bosh qotirgan. O`zining telegram kanali orqali mushtariylarining 2 mingdan ortiq takliflarini ko`rib chiqgan. Umumiy summa kam bo`lgani uchun naqd pul sifatida odamlarga tarqatishni ep ko`rmay, suv toshqinidan jabr chekkan uchta tuman fuqarolariga ham birdek foydasi tegadigan Tez tibbiy yordam mashinasi olib berish variantida to`xtashgan.
Yig`ilgan mablag` uchta mashina olishga etmay qolganda, 28 mln 720 ming so`mni “O`zAvtoSanoat” AJ xayriya sifatida o`tkazib bergan va mashinalarni juda tez fursatda chiqarishga yordam berishgan.
Bugun Sirdaryo viloyatida Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin tumanlari tibbiyot birlashmalariga bittadan, jami uchta «Damas» Tez tibbiy yordam mashinasi topshirildi.
Xushnudbek o`z kanalida nega aynan Tez yordam mashinasi sotib olinganligiga quyidagicha izoh qoldirgan:
" Nega aynan tez yordam mashinasi?
1) hozir insonlar salomatligini saqlash eng muhim masala;
2) uzoq yillar tumandagi barcha fuqarolarga xizmat qiladi;
3) talon-toroj, tanish-bilish, o`zlashtirish yoki eb ketishning iloji yo`q;
4) bir necha yillik faoliyati davomida tez yordam mashinalari insonlar salomatligi uchun xizmat qilsa, ehson qilganlar shuncha yil savobiga sherik bo`lib turishadi.
Umid qilamanki, ushbu tez yordam mashinalari hech bo`lmasa atigi 1 kishining hayotini saqlab qolsa ham, biz asosiy maqsadimizga erishgan bo`lamiz.
Fursatdan foydalanib, ushbu aksiyada qatnashgan hamda qo`llab-quvvatlab, o`z maslahatlari bilan yordam berganlarga cheksiz minnatdorligimni bildiraman.
Alloh ehsonlaringizni dargohida qabul qilsin."






