AsosiyJamiyat

Toshkentda oilaviy virus yuqtirgan og`ir ahvoldagi bemorlar IIBB ko`magida shifoxonaga yotqizildi

'Toshkentda oilaviy virus yuqtirgan og`ir ahvoldagi bemorlar IIBB ko`magida shifoxonaga yotqizildi'ning rasmi

Toshkent shahri Chilonzor tumanida koronavirusga chalingan oilaning og`ir ahvoldagi a`zolari shifoxonaga joylasha olmagach, IIBBga murojaat qilib, muammoga echim topdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, 23 iyul kuni ishonch telefoni orqali Toshkent shahar IIBB boshlig`iga Chilonzor tumani oilaviy poliklinikalaridan birida ishlovchi shifokor murojaat qilib, koronavirusga chalingan oilani shifoxonaga joylashtirishda yordam so`ragan.

Shifokorning ma`lum qilishicha, uning patronajida bo`lgan «1-Charx Kamolon» mahallasida yashovchi oilaning barcha a`zolari koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bo`lib, uy karantinida davolanayotgan bo`lgan.

Ambulator davolanish natija bermagan va 1 hamda 3 yoshli ikki nafar bola og`ir ahvolda bo`lishiga qaramasdan, ularni shifoxonaga joylashtirishning iloji bo`lmagan. Ularning salomatligidan xavotirda bo`lgan shifokor ayol IIBBdan yordam so`rashga majbur bo`lgan.

«Shu kunning o`zida mazkur murojaat bo`yicha Chilonzor tumani IIO FMB rahbariyati oilaviy poliklinikada bo`lib, holatni o`rganishdi va tuman tibbiyot birlashmasi bilan bog`lanishdi. Tez orada tez tibbiy yordam avtomobili uch nafar voyaga etmagan bola va ularning onasini stasionar davolanish uchun Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga etkazdi», — deyiladi xabarda.
 

    Boshqa yangiliklar