AsosiyJamiyat

Shunday og`ir sharoitda nima uchun ular chetda turishlari kerak? — Prezident mahalla idoralari haqida

'Shunday og`ir sharoitda nima uchun ular chetda turishlari kerak? — Prezident mahalla idoralari haqida'ning rasmi

Avval xabar qilganimizdek, ayni daqiqalarda Prezident Shavkat Mirziyoev navbatdagi videoselektor yig`ilishi o`tkazmoqda. Tadbirda bugun O`zbekiston bo`ylab koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar chuqur tahlil qilinmoqda.

Yig`ilishda kasallikning oldini olish, koronavirusga shubha bo`lgan fuqarolarni shifoxonalarga etkazish, karantin talablarini tushuntirish va bu jarayonda jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda joylarda mahalla idoralarining ishtirokini keskin kuchaytirish kerakligi uqtirildi.

Chunki xalqimiz turli xil masalalarda birinchi navbatda mahallaga murojaat qilishga o`rgangan.

– Respublika bo`yicha 9 ming 150 ta mahallada qariyb 40 ming odam byudjetdan oylik olib ishlaydi, – deya ta`kidladi davlatimiz rahbari. – Ularning oyliklarini ham joriy yilda qariyb 1,5 barobarga oshirib berdik. Shunday og`ir sharoitda nima uchun ular chetda turishlari kerak? O`z aholisining ahvolidan yaxshi xabardor bo`lgan, qaysi xonadonda qanday bemor borligini, kimning yashash sharoiti qandayligini, kim yordamga, kim vrachga muhtojligini ulardan yaxshi biladigan boshqa odamning o`zi yo`q pastki tizimda.

Buning uchun hokimlar va sektorlar rahbarlari har bir mahallada mahalla raislari, profilaktika inspektori va boshqa xodimlar, mahalla faollari va nuroniylar,  mahallalarga biriktirilgan tibbiyot muassasalari xodimlarini birlashtirib, o`z hududidagi aholi, ayniqsa keksalar holidan kuniga xabar olish, koronavirusga shubha bo`lgan va kasallikka chalinganlarni tez tibbiy yordam xizmati va shifokorlar bilan bog`lashni tashkil etishga bosh-qosh bo`lishlari shartligi tayinlandi.

Shuningdek, ular yordamga muhtoj oilalarga oziq-ovqat, uyda davolanishga tavsiya qilingan bemorlarga dori-darmon etkazib berish ishlarida faol ishtirok etishlari lozim.

– Bunga qo`shimcha ravishda, ular mahalla hududida aholining zarurat bo`lmasa ko`chaga chiqmasligi va to`planmasligi, tibbiy maska taqib yurishi va ijtimoiy masofani saqlashi, to`y va tadbirlarni vaqtincha o`tkazmasligi kabi majburiy  talablarni doimiy tushuntirishi va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishlari shart va zarur, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoev.

Mavzuga doir:

Prezident Bosh vazir o`rinbosari Behzod Musaevga muhim topshiriq berdi

Kichik shifoxonalar o`z profiliga muvofiq boshqa turdagi kasallarni davolashga qaytariladi — Prezident

Bir hafta muddatda vaksinani xarid qilish va aholini emlash yo`llarini puxta o`rganib chiqish topshirig`i berildi

    Boshqa yangiliklar