Avvalroq, qashqadaryolik ikki blogerning kaltaklangani va ular Ichki ishlar vaziridan yordam so`raganidan so`ng, xonadonlarida tintuv o`tkazilgani haqida xabar berilgan edi. Kuni kecha ushbu masala yuzasidan viloyatda brifing ham tashkil etilgan.
Ayni paytda IIV huzuridagi tergov departamentining ma`lum qilishicha, Qashqadaryo viloyati Yakkabog` tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan fuqaro Raxmatov Xusniddinning tan-jarohati olganligi holati yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 1-qismi (qasddan badanga o`rtacha og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi IIV huzuridagi Tergov departamentining tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan bo`lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jinoyat ishi bo`yicha komission sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan bo`lib, uni o`tkazish Respublika sud-tibbiy ilmiy amaliy markazi mutaxasislariga topshirilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergovning har tomonlama, to`la va xolisona o`tkazilishi ustidan Tergov departamenti tomonidan nazorat o`rnatilgan bo`lib, tomonlarning vajlari tegishli ekspertiza va boshqa tergov harakatlarini o`tkazish yo`li bilan to`liq tekshirilishi hamda tergov yakuniga ko`ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta`minlanadi, deyiladi xabarda.






