Avvalroq, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi "O`zavtomotors" AJga nisbatan “Raqobat to`g`risida”gi qonunchilik talablari buzilganligi uchun ish qo`zg`atgan edi.
Mana shu qo`zg`atilgan ishning davomi bugun ko`rib chiqilishi kerak edi. Biroq, kompaniyadan biror vakil ishni ko`rishda qatnashmabdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbaev ma`lum qilmoqda.
"O`tgan safar “UZAUTOMOTORS” AJning iltimosiga ko`ra ishni ko`rib chiqishda tanaffus e`lon qilingandi. Biroq noma`lum sabablarga ko`ra, “UZAUTOMOTORS” AJ vakillari bugun ishni ko`rishda qatnasholmas ekan...
Shunga qaramay Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi komissiyasi a`zolari tanaffus davomida ham “UZAUTOMOTORS” AJ vakillarining vajlarini etarli darajada eshitib, o`rganib chiqishganligini inobatga olib, ishni ularning ishtirokisiz ham ko`rib chiqish mumkin, deb hisoblashdi. Va ishni ko`rib chiqish davom ettirilmoqda.
Ma`lumot uchun “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to`g`risida”gi qonun va sohani tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi, shu jumladan avtomobillar tannarxi va narx qo`llanishi asosliligi bo`yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan vakolat doirasida tekshiruv o`tkazilgan edi.
“UZAUTOMOTORS” AJning o`zi uchun muhim bo`lgan ishni ko`rib chiqishda birorta vakili ham qatnashmayotganligi juda g`alati...
Jarayonni kuzatib bormoqdamiz. Ko`ramiz!" - deya yozib qoldirgan Kusherbaev.