Avval xabar qilinganidek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “UZAUTOMOTORS” AJda “Raqobat to`g`risida”gi qonun talablari buzilishi bo`yicha qo`zg`atilgan ishning davomi bugun ko`rib chiqildi.
Qo`mitaning maxsus komissiyasi tomonidan o`tkazilgan tekshiruvlar kompaniya avtomobil narxlarini assossiz oshirganini tasdiqladi. Unga ko`ra avtomobillar narxlari 3 mln. so`mdan 19 mln. so`mgacha asossiz oshirilgani aniqlandi.
Maxsus komissiya tomonidan yuqoridagi holatlar atroflicha o`rganilib, “UZAUTOMOTORS” AJga qonun buzilish holatlarini bartaraf etish to`g`risida bajarilishi majburiy bo`lgan ko`rsatma berilgan.
Unga asosan, “UZAUTOMOTORS” AJga:
Birinchidan, jamiyat tomonidan ishlab chiqarilayotgan engil avtomobillar narxini shakllantirishda tovarning narxiga xomashyo va materiallarga, yoqilg`i-energetika resurslariga va haqiqatda amalga oshirilmagan xarajatlarni, amalda yuz bermagan mehnat xarajatlarini va boshqa xarajatlar yoki bajarilmagan ishlarni kiritish orqali monopol yuqori narx qo`llanilishi quyidagi harakatlar bilan, jumladan 2020 yil mart oyida tasdiqlangan, bugungi kunda amalda bo`lgan va iste`molchilarga realizasiya qilingan:
– “Spark” rusumli avtomobil LS M/T modifikasiyasi chakana narxidan 3 002 010 so`m va LT A/T modifikasiyasi chakana narxidan 3 563 704 so`m;
– “Nexia 3” rusumli avtomobil LT M/T modifikasiyasi chakana narxidan 3 112 039 so`m va LTZ A/T modifikasiyasi chakana narxidan 3 792 325 so`m;
– “Cobalt” rusumli avtomobil LT M/T modifikasiyasi chakana narxidan 4 404 493 so`m va LTZ A/T modifikasiyasi chakana narxidan 10 526 707 so`m;
– “Gentra” rusumli avtomobil SX M/T modifikasiyasi chakana narxidan 13 825 248 so`m, SX M/T CNG modifikasiyasi chakana narxidan 13 718 618 so`m va CDX A/T Plus modifikasiyasi chakana narxidan 19 806 932 so`m;
– “Damas” rusumli avtomobil DLX modifikasiyasi chakana narxidan 15 458 984 so`m, VAN modifikasiyasi chakana narxidan 15 746 315 so`m va Labo modifikasiyasi chakana narxidan 13 052 930 so`m asossiz kiritilgan xarajatlar chegirish va ushbu mablag`larni iste`molchilarga qaytarishi lozim.
Ikkinchidan, engil avtomobillarni sotish bo`yicha kelgusidan (mazkur qaror qabul qilingandan boshlab) tuziladigan shartnomalar yuqorida qayd etilgan asossiz xarajatlarni chegirish orqali shakllantirilgan narxlar asosida, yoxud jamiyatning marketing strategiyasidan kelib chiqib engil avtomobillarning narxlari o`rtacha 10,29 foizdan kam bo`lmagan darajada va tannarxdan 942 891 108 031 so`m miqdoridagi asossiz xarajatlarni kamaytirishni inobatga olgan holda amalga oshirilishi ta`minlash.
Jamiyat tomonidan yuqoridagilarni inobatga olgan holda engil avtomobillarning qayta ko`rib chiqilgan yangi tasdiqlangan narxlari Qo`mitaga taqdim etish.
Uchinchidan, jamiyat tomonidan ishlab chiqarilayotgan engil avtomobillar iste`molchilarga faqat “UzAvtoSavdo” dasturi orqali tuzilgan shartnomalarning ketma-ketlik navbatiga qat`iy rioya qilgan holda realizasiya qilinishi ta`minlash.
To`rtinchidan, eksportga yo`naltirilgan avtomobillar eksportga qilinmagan yoki eksportdan qaytgan taqdirda ichki bozorga dilerlar orqali sotishda teng taqsimlanishi ta`minlash.
Beshinchidan, faoliyat yuritayotgan dilerlar va diler sifatida faoliyat yuritish istagida bo`lgan barcha tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan bir xil shartlar qo`yilishi ta`minlansin, shuningdek raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo`lgan harakatlar sodir etmaslik.
Oltinchidan, “Azimavtomotive” MChJ bilan dilerlik shartnomasidan 10 mlrd so`m miqdorida oldindan to`lov o`tkazish sharti chiqarib tashlash.
Ettinchidan, alohida maxsus aksiyaga tushgan avtomobillarni muddatli to`lov asosida sotish bo`yicha dilerlardan distribyutorlik shartnomasini tuzish taklifi bildirilganda barcha ishtirokchilarga teng shartlar asosida shartnoma tuzilishi ta`minlash majburiyatlari yuklatildi.
Mazkur qaror ustidan bir oy muddatda O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi hay`atiga yoki tegishli ma`muriy sudga shikoyat qilinishi mumkinligi tushuntirildi.