AsosiyJinoyat

Farg`onada 33 yoshli homilador ayol o`limiga sababchi bo`lgan shifokorga sud hukmi o`qildi

'Farg`onada 33 yoshli homilador ayol o`limiga sababchi bo`lgan shifokorga sud hukmi o`qildi'ning rasmi

Farg`ona viloyatida homilador ayolning o`limiga sababchi bo`lgan 61 yoshli shifokorga sud hukmi o`qildi. Bu haqda «Daryo»ga jinoyat ishlari bo`yicha Yozyovon tuman sudi raisi Bekzod Haydarov ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, 2020 yilning 17 mart kuni soat 00:01 da homilador ayol N.Sh. o`z sog`lig`idan shikoyat qilib Yozyovon tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli tug`ruq bo`limiga murojaat qilgan. Shu kuni navbatchilikda turgan akusher-ginekolog R.K. o`z ishiga sovuqqonlik bilan qarab, xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagan. U bemorning ahvolini baholash, tashxis qo`yish, tug`ruqxonaga yotqizish, bachadon va homila holatini nazorat qilish, malakali tibbiy yordam ko`rsatish va bemor hayotini saqlab qolishga qaratilgan zarur choralarni ko`rmasdan, o`z kasbiga nisbatan beparvolik bilan munosabatda bo`lgan. Natijada 33 yoshli bemor N.Sh. 17 mart kuni tug`ruq jarayonida vafot etgan, uning homilasi esa ona qornida nobud bo`lgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, to`plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo`yicha Yozyovon tuman sudida ko`rib chiqilgan. Sud jazo turi va miqdorini tayinlashda ayblanuvchining ayolligini, pensiya yoshiga etganini, ikki nafar farzandi borligini, jabrlangan tomonga moddiy va ma`naviy zarar qoplab berilganini engillashtiruvchi holat sifatida baholagan.

Sud hukmi bilan shifokor ikki yil tug`ruq kompleksi (patologiya, ginekologiya, tug`ruqdan keyingi bo`lim)da shifokorlik faoliyati bilan shug`ullanish huquqidan mahrum qilinib, ikki yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

    Boshqa yangiliklar